London sudi Assanjga AQShga ekstraditsiya bo‘yicha e’tiroz bildirishga ruxsat berdi

Jahon 11:10 / 21.05.2024 1764

Britaniya Oliy sudi 20 may, dushanba kuni chiqargan qarorga ko‘ra, WikiLeaks asoschisi Julian Assanj uni josuslikda ayblagan AQShga ekstraditsiya etish qarori ustidan shikoyat qilishi mumkin bo‘ladi.

AQSh sudga Assanj bo‘yicha yetarli kafolatlar taqdim etmadi 

Sud majlislarida Amerika tomoni, agar Assanj AQShga ekstraditsiya qilinsa, o‘lim jazosiga hukm qilinmasligi, so‘z erkinligi buzilmasligi va uning ishi bo‘yicha sud jarayoni adolatli o‘tishiga kafolat berdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarosi bo‘lmagan Assanjning advokatlari bu kafolatlar faqat prezident ma’muriyati vakili bo‘lgan AQSh ijroiya hokimiyati tomonidan taqdim etilishiga, sud hokimiyati esa Oq uydan mustaqil ravishda harakat qilishi va uning tavsiyalarini e’tiborsiz qoldirishi mumkinligiga e’tiroz bildirgan. 

Natijada, Britaniya Oliy sudi sudyalari Viktoriya Sharp va Jyeremi Jonson Amerika tomoni taqdim etgan kafolatlar yetarli emas, deb qaror qildi va Assanjga ekstraditsiya haqidagi avvalgi qarorga qarshi chiqishga ruxsat berdi. 

Julian Assanj ustidan 2024 yil martida bo‘lib o‘tgan avvalgi sud jarayonida Britaniya sudi WikiLeaks asoschisining AQShga ekstraditsiya qilinishini apellyatsiya ko‘rib chiqilgunga qadar kechiktirishga rozi bo‘lgan edi. Sud Assanjni Vashingtondan AQShga jo‘natilganidan keyin unga nisbatan bir qancha kafolatlar taqdim etilgan taqdirdagina qarorini qayta ko‘rib chiqishga tayyor edi. 

Assanjning rafiqasi Baydenni eriga qarshi ayblovlarni olib tashlashga chaqirdi

Suddan so‘ng Julian Assanjning rafiqasi Stella AQSh prezidenti Jo Baydenga murojaat qilib, WikiLeaks asoschisiga qo‘yilgan ayblovlarni olib tashlashga chaqirdi. «Oila sifatida biz yengil tortdik, ammo bu qachongacha davom etishi mumkin? Ayblovlarni olib tashlang, hozir buni qilishning eng yaxshi vaqti», dedi u.

Julian Assanj nima uchun sudlanmoqda?

52 yoshli Julian Assanj AQSh rasmiylari tomonidan 2010 yilda hukumat kompyuter tarmoqlarini buzish va maxfiy mudofaa ma’lumotlari manbalari nomlarini noqonuniy e’lon qilish maqsadida til biriktirganlikda ayblanmoqda. Gap, xususan, AQShning Iroq va Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari haqidagi maxfiy materiallarning o‘g‘irlanishi va nashr etilishi haqida ketmoqda. 

Amerika prokurorlari uni o‘g‘rilik va ma’lumotlarni oshkor qilish aybi bilan sudga tortmoqchi hamda Assanjni AQShga ekstraditsiya qilishni talab etmoqda. Prokuror Kler Dobbinga ko‘ra, WikiLeaks asoschisi siyosiy mavqeyi uchun emas, balki ko‘plab insonlar hayotini xavf ostiga qo‘ygan qilmishi uchun sudlanmoqda. Ilgari Assanjning himoyasi uni jinoiy javobgarlikka tortish istagi siyosiy sabablarga ega ekanligini ta’kidlagan edi. 

London sudi 2021 yil dekabr oyida AQSh rasmiylari tomonidan berilgan apellyatsiyani qanoatlantirdi va Assanjni AQShga ekstraditsiya qilish bo‘yicha taqiqni bekor etdi. 2022 yil mart oyida Britaniya Oliy sudi Assanjning London sudi ushbu qarori ustidan shikoyatini qanoatlantirishni rad etdi, 2022 yil aprelida esa Londondagi Vestminster magistrat sudi WikiLeaks asoschisini AQShga ekstraditsiya qilishni buyurdi. 

Qo‘shma Shtatlarda Assanj 175 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: