Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi 20 may, dushanba kuni Rossiya tomonidan tayyorlangan barcha mamlakatlarni kosmosda har qanday qurolni joylashtirish va qo‘llashni «abadiy» to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini rad etdi. Hujjat kerakli to‘qqizta ovozni ololmadi: Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan yetti davlat, jumladan, Xitoy, Jazoir va Gayana ham uning qabul qilinishi uchun ovoz berdi. Yana yetti davlat, jumladan AQSh, Britaniya va Fransiya bunga qarshi chiqdi. Shveytsariya ovoz berishda betaraf qoldi.
«Rossiyaning bugungi qarshi rezolyutsiyasi jiddiy emas edi. Bu Moskva yadroviy qurilmaga ega yangi sun’iy yo‘ldosh yaratayotgani haqidagi xabarlardan e’tiborni chalg‘itishga urinish edi», - dedi Britaniya delegatsiyasi a’zolaridan biri.
Rossiya kosmosda yadro qurolini joylashtirmaslik haqidagi rezolyutsiyaga veto qo‘ydi
24 aprel kuni Rossiya AQSh va Yaponiya tomonidan kosmosda yadro qurolini joylashtirmaslik bo‘yicha tayyorlangan rezolyutsiya loyihasini blokladi. Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 13 tasi uni qabul qilish uchun ovoz berdi, Xitoy esa betaraf qoldi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya hujjatni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishini, uning so‘zlariga ko‘ra, taqiq nafaqat yadro quroliga, balki oddiy qurollarga ham taalluqli bo‘lishi kerakligi bilan izohladi. Doimiy vakil o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiyning qo‘shimcha qilishicha, Vashington va Tokio matnga Rossiya va Xitoy taklif qilgan bandni kiritishni «qat’iy rad etishgan», u koinotda har qanday qurolni joylashtirishdan bosh tortishni nazarda tutadi.
OAV: Rossiya koinotda yadro qurolini joylashtirish niyatida
Fevral oyida Amerika OAV Kongressdagi manbalarga tayanib, Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi foydalanish uchun koinotda yadro qurolini joylashtirish niyatida ekanini xabar qilgan edi. Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi Rossiya Federatsiyasida «kosmosda bazaga ega bo‘lgan» sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollar ishlab chiqilishini e’lon qildi va buni AQSh milliy xavfsizligiga tahdid deb atadi.