O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindiston savdo va sanoat vazirligida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligiga e’tibor qaratib, mahsulotlarning o‘zaro harakatini faollashtirish uchun bojxona, tarif va notarif talablarini yengillashtirish muhimligini qayd etdi.
Hindiston Savdo va sanoat vazirligi departament boshlig‘i Satya Srinavas mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan keng ko‘lamli sharoitlarni ijobiy baholayotgani, bu esa ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qilayotganini urg‘uladi.
Muzokaralar chog‘ida bank-moliya, transport-logistika va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Joriy yil Toshkent shahrida O‘zbekiston-Hindiston Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazishning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.