Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri mahallalarida ichimlik suvni isrof qilayotganlarni aniqlash uchun dron uchirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda dron yordamida ichimlik suv bilan tomorqa sug‘orayotganlar, mashina yuvayotganlar tekshirilayotgani aytiladi.
Kun.uz holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB axborot xizmati rahbari Nilufar Madiyeva bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, Toshkent shahar IIBB tomonidan bunday turdagi huquqbuzarliklarni qayd etish maqsadida hech qanday dron uchirilmayapti.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 261-moddasiga ko‘ra, suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzganlik holati uchun tegishli Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan chora ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 74-moddasiga ko‘ra, tabiiy suv oqimlari, suv havzalari va boshqa tabiiy suv obektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini, suv olish limitlarini buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Sun’iy suv oqimlari, suv havzalari hamda boshqa sun’iy suv obektlaridan olinadigan suvdan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini buzganlik, ya’ni suvdan xo‘jasizlarcha foydalanganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi.
Agar ushbu huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.