Shaffof brendi ostidagi gaz shoxobchalar mas’ullariga sud hukmi o‘qildi

O‘zbekiston 20:18 / 20.05.2024 30446

O‘zbekistonning turli hududlarida Shaffof brendi ostida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari mas’ullariga hukm o‘qildi.

Kun.uz tanishgan sud hujjatlarida keltirilishicha, Shaffof brendi ostidagi MChJlar ta’sischilari – Ulug‘bek va Oybek Toshmatov boshqa shaxslar bilan til biriktirib, birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun uyushgan guruh tuzgan. Ular 2018-2023 yillar davomida 56 ta Shaffof savdo belgisi ostida faoliyat olib borgan MChJning 1 trln 376 mlrd 560 mln so‘mlik savdo tushumlarini yashirib, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini juda ko‘p miqdorda buzgan. Sudlanuvchilar 2018-2023 yillar davomida Shaffof savdo belgisi ostida faoliyat olib borgan MChJlarning soliq hisobotlarini yashirib, qasddan ko‘rsatmasdan 447,5 mlrd so‘m soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni ham to‘lamagan. 

Shuningdek, Ulug‘bek va Oybek Toshmatov 29 ta holatda 206,5 mlrd so‘mlik jinoiy faoliyat natijasida topgan daromadlarining kelib chiqishiga qonuniy tus berish maqsadida ushbu mablag‘larga gaz quyish shoxobchalari, avtomashina va turar joy sotib olgan. 

Bundan tashqari, aka-uka boshqalar bilan til biriktirib, o‘zlari tashkil qilgan «Shaffof sement sanoat» MChJ nomiga Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasidan ohaktosh va qumtosh qazilmagohini geologik jihatdan o‘rganish uchun litsenziyalar olgan. Aslida mazkur litsenziyalar ohaktosh va qumtosh qazilmagohlarini geologik jihatdan o‘rganish huquqini beradi, foydali qazilmalarni qazib olish huquqini emas. Uyushgan guruh buni oldindan bilgan holda «Shaffof» ohaktosh konidan 21,731 metr kub, slanets konidan 1,505 metr kub, «Shaffof-2» qumtosh konidan 3,350 metr kub, «Kamishboshi» konidan 4,741 metr kub foydali qazilmalarni qazib olishgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 15 mlrd 602 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. 

Uyushgan guruhning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyatlari oqibatida Farg‘ona viloyat soliq boshqarmasiga 397 mlrd 132 mln so‘m, Namangan viloyat soliq boshqarmasiga 8 mlrd 137 mln so‘m, Andijon viloyat soliq boshqarmasiga 39 mlrd 305 mln so‘m, Toshkent viloyati soliq boshqarmasiga 2 mlrd 149 mln so‘m hamda Toshkent shahar soliq boshqarmasiga 867 mln so‘m zarar yetgan.    

Sud hukmi Ulug‘bek Toshmatov va Oybek Toshmatov Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi (Soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189-moddasi 1-qismi (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 229-moddasi (O‘zboshimchalik) va 243-moddasida (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 9 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Ish doirasida Olim Nurmatovga 5 yil, Rustamjon Abdullayevga 3 yil, Abdurashid Mamajonovga 3 yil 6 oy, Jaloliddin Ikromiddinovga 5 yil, Anvarjon Nishonovga 4 yil 2 oy, Adbulazizjon Tojiyevga 5 yil, Ahadjon Toshtemirovga 3 yil, Sherzodjon Umarovga 3 yil, Farrux Mamajonovga 3 yil 6 oy, Omonjon Mirzayevga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazo tayinlangan. Azimjon Turg‘unboyevga 5 yil ozodlikni cheklash, Eldor Qosimovga ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari, Azam Rizayevga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi berilgan. Ularning barchasi Jinoyat kodeksining 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Ish doirasida 80 ga yaqin metan shoxobcha va noturar bino-inshootlar, 120 ga yaqin yuk va yengil avtomobillar sotilib, sotuvdan tushgan pullar yetkazilgan moddiy zararni qoplashga yo‘naltirilishi belgilangan. Shuningdek, 4 ta uy, 30 ga yaqin “metan zapravka” hamda bitta Cadillak escalade-4 avtomobili xatlanib, davlat egaligiga o‘tkazilgan.  

Shaffof brendi ostida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari va tadbirkorlik sub’yektlarida sodir etilgan noqonuniy holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha 2023 yilning bahorida tekshiruvlar boshlangandi. O‘shanda bu brend ostidagi 73 ta xo‘jalik sub’yektiga qarashli 101 ta avtomobillarga gaz quyish shoxobchasining tabiiy gaz va elektr tarmoqlaridan noqonuniy foydalanishi holatlari o‘rganilayotgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: