Niger, Mali va Burkina-Faso hukumatlari Sahel davlatlari ittifoqi konfederatsiyasini tuzish rejasining yakuniy varianti bo‘yicha kelishib oldi. Loyiha Niger poytaxti Niameyda uch davlat tashqi ishlar vazirlari tomonidan ma’qullandi, deb xabar berdi AFP 18 may kuni.
Uchrashuv yakunida Niger tashqi ishlar vaziri Bakari Yau Sangare yakuniy matn uch davlat harbiy hukumatlari rahbarlarining sammitida qabul qilinishini aytdi. Sangare uni o‘tkazish sanasini aniqlashtirmadi. Jurnalistlarga kelishuv mazmuni haqida ham ma’lumot berilmagan.
Niger, Mali va Burkina-Faso Rossiya bilan yaqinlashmoqda
2024 yil yanvarida Niger Mali va Burkina-Faso bilan birgalikda G‘arbiy Afrika davlatlarining iqtisodiy hamjamiyati - EKOVAS mintaqaviy alyansidan chiqdi, uning asosiy maqsadi turli guruhlarga qarshi kurash orqali G‘arbiy Afrikada mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash edi.
Shundan so‘ng, uchta Sahel davlati rasmiylari AQSh va Fransiya bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatayotganini rasman e’lon qildi, shuningdek, o‘z harbiy xarajatlari endi nazorat qilinmasligini belgilovchi farmon chiqardi. Bunga javoban, EKOVAS Mali va Nigerga ushbu mamlakatlarda demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatlarni ag‘dargan harbiy to‘ntarishlar uyushtirilgani uchun sanksiyalar kiritdi.
2023 yil sentabr oyida Mali, Burkina-Faso va Niger yetakchilari Sahel davlatlari ittifoqini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomni imzoladi. Unga ko‘ra, bir yoki bir nechta ishtirokchi davlatlarning suvereniteti yoki hududiy yaxlitligiga tajovuz butun blokka qarshi tajovuz sifatida baholanadi va harbiy aralashuvni talab qiladi.
Mutaxassislar ishonchi komilki, Sahelning asosiy hamkor davlatlar - AQSh va Fransiya bilan aloqalarini uzish, shuningdek, harbiy xarajatlar ustidan nazoratni bekor qilish Rossiya bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvning dastlabki sharti bo‘lgan.