O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Yaqin Sharqdagi vaziyat
Isroil Livan janubidagi Nabatiya viloyatida joylashgan aholi punktlariga havodan keng ko‘lamli zarbalar uyushtirdi.
Shuningdek, Isroil tomonidan mamlakat poytaxti Bayrut nishonga olingach, mintaqadagi vayrongarchiliklar monitoring qilingan. Zarba natijasida 2 kishi o‘lgani, 22 kishi yaralangani xabar qilinmoqda. Zarbaga duchor bo‘lgan tumanda ko‘plab avtomobillar va binolarga zarar yetgan.
Isroil armiyasining 2023 yil 8 oktyabridan buyon Livanga uyushtirib kelayotgan hujumlari natijasida qurbonlar soni 35 taga ko‘payib, 3516 kishiga yetgan. Ularning orasida 902 nafar ayollar va bolalar, 212 nafar tibbiyot xodimlari bor.
Livan sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlariga ko‘ra, so‘nggi sutka ichida 35 kishi o‘ldirilgan, 143 kishi yaralangan. Umumiy yaradorlar soni 14 ming 929 nafarga yetgan.
Erdo‘g‘anning G20dagi chiqishi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Braziliyada o‘tayotgan G20 sammitida chiqish qilib, G‘azo sektoridagi vaziyatga alohida e’tibor qaratdi.
«G‘azodagi ocharchilik xavfi xalqaro tasniflash bo‘yicha «falokat» darajasiga yetdi», — dedi Turkiya yetakchisi.
Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo aholisining 96 foizi — yoki 2 milliondan ortiq inson sifatli oziq-ovqat va ichimlik suv iste’molidan mosuvo.
«Turkiya mintaqaga 86 ming tonnadan ortiq yordam jo‘natdi, Livanga yordamimiz 1300 tonnadan oshdi», — dedi Erdo‘g‘an.
Turkiya prezidenti bugungi kunda jahonda har o‘n nafar insondan biri och qolayotganini ham eslatib o‘tdi.
Erdo‘g‘an Turkiya «qo‘shning och bo‘lganda to‘q uxlama» prinsipiga amal qilib, 2015 yildan boshlab milliy daromadining bir qismini insonparvarlik yordamlariga yo‘naltirayotgani, bu borada Turkiya dunyodagi eng saxiy davlatlardan biri hisoblanishini aytdi.
Netanyahu tan oldi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu oktyabr oyining oxirlarida Eronga havodan hujum natijasida Tehronning yadroviy dasturi unsurlaridan biri yo‘q qilinganini ta’kidladi.
«Bu sir emas. O‘sha hujum natijasida ularning yadroviy dasturining muayyan tarkibiy qismi nishonga olingan edi», — dedi u parlamentdagi chiqishida.
Avvalroq Axios portali amerikalik va isroillik rasmiy shaxslarga tayanib, yadroviy qurilmalar uchun plastik portlovchi moddalar ishlanmalari ustida ish olib borilayotgan Parchindagi maxfiy tadqiqot markazi yo‘q qilinganini xabar qilgan edi.
Netanyahu shuningdek, Tehronni himoya qilayotgan Rossiyada ishlab chiqarilgan uchta S-300 havo hujumidan mudofaa kompleksi yo‘q qilingani, ballistik raketalar va ular uchun qattiq yonilg‘i ishlab chiqarishga jiddiy talafot yetkazilganini ham ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq, aprel oyida ham bitta S-300 batareyasi yo‘q qilingan.
Isroilning oktyabr oyidagi zarbalari Tehron va Tel-Aviv o‘rtasidagi eskalatsiyaning yangi bosqichi bo‘ldi. Isroil Eronning 200 ga yaqin ballistik raketalar bilan bergan zarbasiga javoban Eronga hujum uyushtirgan. Zarbagacha Netanyahu keng ko‘lamli urush kelib chiqmasligi uchun Bayden ma’muriyatini Eronga zarbalar neft va yadroviy obektlarga emas, faqat harbiy obektlarga berilishiga ishontirgan.
Qayd etish lozimki, Eron yadroviy qurol ishlab chiqarayotganini rad etib keladi. «Eron yadroviy qurolga ega bo‘lishga intilmayapti. Nuqta», — degan edi shu oy ichida mamlakat tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy.
Senatdan xalqaro sudga tahdid
AQSh senatida ko‘pchilik ovozga ega bo‘lgan respublikachilar yetakchisi etib saylangan Jon Tyun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Isroilning boshqa mulozimlarini hibsga olish uchun order bergan Xalqaro jinoyat sudiga tahdid qildi.
«Agar xalqaro jinoyat sudi Falastindagi harbiy jinoyatlari uchun isroillik mansabdor shaxslarga nisbatan berilgan orderlarni qaytarib olmasa, Senat zudlik bilan Xalqaro jinoyat sudiga nisbatan sanksiyalar qo‘llash haqida qonun qabul qilishi kerak», — degan Jon Tyun.
Tyunga ko‘ra, Senatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi respublikachilar AQShning eng muhim ittifoqchisi Isroilni har doim qo‘llab-quvvatlaydi va bu ishni Kongressda ham amalga oshiradi.
NATO rahbari Qora dengiz haqida
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Qora dengiz xavfsizligiga katta e’tibor qaratishini ma’lum qildi. U NATO havo kengliklari Rossiyaning pilotsiz parvoz qurilmalari va raketalari tomonidan bir necha bor buzib o‘tilgani borasida tashvish bildirdi.
Ryutte NATOning Bryusseldagi qarorgohida Ruminiya tashqi ishlar vaziri Marsel Cholak bilan uchrashuvdan so‘ng shunday bayonot bilan chiqdi.
Qora dengiz xavfsizligiga katta e’tibor berishini ta’kidlar ekan, Ryutte shunday dedi: «Rossiyaning pilotsiz parvoz qurilmalari va raketalarining NATO havo kengliklariga takroran kirib kelishi o‘ylovsiz, xavfli va toqat qilib bo‘lmaydigan holat», degan.
«NATO o‘zining sharqiy qanotida havo hujumidan mudofaani mustahkamlaydi va hozir ittifoqchilarimiz yuzlab beshinchi avlodga mansub qiruvchi uchoqlar xarid qilmoqda», — degan Ryutte.
Rossiyaning Ukrainada boshlagan urushi NATOga kuchli havo hujumidan mudofaa tizimi kerakligini ko‘rsatib qo‘yganini va bu ustuvor vazifa ekanini ta’kidlagan Ryutte, “NATO Qora dengizdagi xavfsizlik masalasiga juda jiddiy e’tibor beradi. Biz chegaralarni qo‘riqlash va har bir ittifoqchimizni himoya qilishga tayyormiz”, dedi.
Ruminiya bosh vaziri Marsel Cholak ham Rossiyaning havo kengliklarini buzib o‘tish holatlari ko‘paygani, shuningdek, rus kemalari Qora dengizda ekanini inobatga olib, Ryutteni NATOning Ruminiyadagi ishtirokini kuchaytirishga chaqirdi.
Trampning migrantlar bo‘yicha rejasi
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish rejasi borligini tasdiqladi.
Yangi saylangan AQSh prezidenti Donald Tramp noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish uchun federal darajada favqulodda holat joriy etishga tayyorligi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Avvalroq Judicial Watch konservativ faollar guruhi rahbari Tom Fitton ham Trampning bu niyati haqida yozgan edi.
«Xushxabar! Donald Trampning yangi ma’muriyati mamlakatda favqulodda holat e’lon qilishga va prezident Jo Bayden siyosatini o‘zgartirish va ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirish uchun harbiy kuch ishlatishga tayyor», deb yozgandi Tom Fitton.
Donald Tramp o‘ziga tegishli Truth Social tarmog‘idagi sahifasida Tom Fitton xabarini repost qildi va unga «Bu rost!» deb izoh qoldirdi.
Donald Tramp 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi boshidan buyon noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish niyatida ekanini aytib keladi.
2024 yil may oyida TIME jurnali bilan suhbatda u Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy migrantlar sonini 15-20 million kishi deb hisobladi. Shu bilan birga, Wall Street Journal Trampning maslahatchilari va tarafdorlari immigratsiyani bostirish rejalarini tuzayotganini yozdi. Nashr manbalari chora-tadbirlar orasida hozirda amaldagi prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan amalga oshirilayotgan, yuz minglab migrantlar uchun deportatsiyadan himoyalanishning bekor qilinishini tilga olgan.
Abxaziya rahbari iste’foga chiqdi
O‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Abxaziya respublikasi rahbari Aslan Bjaniya o‘z iste’fosini mintaqa «parlamenti spikeri»ga topshirdi. Hujjat 19 noyabr, seshanbaga o‘tar kechasi Bjaniya matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Bjaniya bu qadamni «barqarorlik va tartibni saqlash» maqsadi bilan izohladi. Aslan Bjaniya ikki kun oldin iste’foga chiqishga tayyorligini e’lon qildi, buning uchun ommaviy namoyishlar ishtirokchilari hukumat binolarini tark etishlari shart edi.
Bjaniya matbuot xizmati agar bu talab 19 noyabr kuni bajarilmasa, u iste’foga chiqish haqidagi arizasini qaytarib olishini ta’kidladi. Bu Abxaziya «parlamenti» tomonidan shu kuni ko‘rib chiqilishi kerak.
Hudud rahbari iste’foga chiqqanidan keyin uni «vitse-prezident» Badra Gunba boshqaradi.