Finlandiya hukumati, agar uchinchi davlat fuqarolariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarada boshpana berishdan bosh tortish va Rossiyaga deportatsiya qilish imkonini beradigan qonun loyihasi qabul qilinsa, Rossiya Federatsiyasi bilan chegarani qisman ochishi mumkin. Bu haqda Finlandiya bosh vaziri Petteri Orpo 19 may, yakshanba kuni chop etilgan Yle Areena nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. «Qonun qabul qilinganda, biz chegarani ehtiyotkorlik bilan ochishga harakat qilamiz», — dedi Finlandiya bosh vaziri. Orpo avvaliga bitta chegara punkti, keyin esa «agar chegaraning har ikki tomonida hamkorlik o‘rnatilsa» boshqalari ochilishi mumkinligini istisno etmadi.
«Chiqarib yuborish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi shoshib tayyorlanmoqda va tanqid qilinmoqda
Aprel oyi oxirida Helsingin Sanomat gazetasi Finlandiya hukumati «shoshilinch tarzda» yangi qonun loyihasini tayyorlayotgani, chunki ular ob-havo yaxshilansa, Rossiya Federatsiyasi boshpana izlovchilarni quruqlik chegarasi orqali o‘tkazishga kirishishidan xavfsirayotgani haqida xabar bergan edi. Qonun loyihasi maqsadi boshpana izlovchilarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikdir, shuning uchun u deportatsiya qarorlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri chegarada qabul qilish imkonini beradi, deya ta’kidlaydi gazeta. Biroq qonun loyihasi Finlandiya konstitutsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya qoidalarini buzgani uchun huquq himoyachilari tomonidan tanqid qilindi, deya qayd etadi nashr.
Rossiya-Finlandiya chegarasida migrantlar oqimi
2023 yil noyabrida Finlandiya tegishli hujjatlari bo‘lmagan muhojirlar oqimi tufayli Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasini butunlay yopdi. Helsinki Moskvani uchinchi davlat fuqarolarini chegarani kesib o‘tishga undaganlikda aybladi. Bunga javoban Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova «Finlandiyaning chegaradagi vaziyat uchun javobgarlikni Rossiya zimmasiga yuklashga urinishlarini» «noaniq bahonalar» deb atadi.