AQSh prezidenti Jo Bayden Xalqaro jinoyat sudi (XJS) prokurori Karim Xonning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berish haqidagi talabini qoraladi.
«Xalqaro jinoyat sudi prokurorining Isroil yetakchilarini hibsga olishga order berish haqidagi talabi g‘azablanarli. Ochig‘ini aytsam, prokuror nima demasin, Isroil bilan HAMASni tenglashtirib bo‘lmaydi. Biz doimo Isroil bilan birga bo‘lamiz va uning xavfsizligiga tahdidlarga qarshi turamiz», dedi Bayden Oq uy tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
O‘z navbatida, AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Vashington XJS prokurorining talabini «qat’iy rad etishini», prokuror Isroil bilan HAMASni «tenglashtirganini» aytdi.
«Biz prokurorning Isroil bilan HAMASni tenglashtirganini rad etamiz. Bu sharmandalik», dedi u.
Blinkenning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi hozirgi mojarodan ancha oldin Qo‘shma Shtatlar «Xalqaro jinoyat sudining bu masalada yurisdiksiyaga ega emasligini aniq ko‘rsatgan». AQSh Davlat departamenti rahbarining fikricha, prokurorning qarori garovga olinganlarni ozod qilish va gumanitar yordamni ko‘paytirish imkonini beruvchi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish sa’y-harakatlarini ham xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
20 may kuni XJS prokurori Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant va HAMAS harakatining uch nafar yetakchisi Yahyo Sinvar, Muhammad Diyf va Ismoil Honiyani hibsga olish uchun order berishni so‘radi.
Prokuror bayonotida aytilishicha, Netanyahu va Galant 2023 yil oktyabr oyi boshidan beri G‘azo sektorida sodir etilgan harbiy jinoyatlar uchun javobgardir. O‘z navbatida, HAMAS yetakchilari nafaqat G‘azo sektorida, balki Isroilda ham urush jinoyatlari uchun javobgardir.
Netanyahu XJS prokurorining so‘rovini «sharmandalik» deb atadi va «bu meni ham, bizni ham to‘xtata olmaydi» deb ta’kidladi. HAMAS vakili Abu Zuhriy prokuror talabini «jabrlanuvchini jallodga tenglashtirish» deb atadi.
Isroil XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Falastin XJS a’zosi bo‘lib, 2015 yilda Rim statutini ratifikatsiya qilgan.