AQSh 15 sentabrgacha Nigerdan qo‘shinlarini olib chiqib ketadi

Jahon 10:13 / 20.05.2024 2036

Nigerda joylashgan AQSh qo‘shinlari 15 sentabrgacha G‘arbiy Afrika mamlakatidan chiqib ketadi. Bu haqda ikki davlat vakillarining 19 may, yakshanba kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytiladi. Chiqib ketish jarayoni allaqachon boshlangan va Nigerni rivojlantirish bilan bog‘liq loyihalarga ta’sir qilmaydi, deyiladi ma’lumotda. 

Amerika harbiy kontingentini olib chiqish bo‘yicha kelishuvga aprel oyi oxirida AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Kurt Kempbell va Niger bosh vaziri Ali Lamin Zeynning Vashingtondagi uchrashuvida erishilgan edi. May oyi boshida rossiyalik harbiylar Niger poytaxti Niameydagi Amerika havo bazasiga kirgani ma’lum bo‘ldi. Biroq, AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning ta’kidlashicha, ruslar o‘sha paytda bazada joylashgan AQSh qo‘shinlari va harbiy texnikasidan foydalana olmagan. 

Nigerdagi davlat to‘ntarishidan keyin Vashington bilan harbiy hamkorlik to‘xtatilishi

2023 yilda Nigerda harbiy xunta hokimiyatni egallab oldi. Moskva aloqadorlikda gumon qilinayotgan davlat to‘ntarishidan oldin Niger AQSh, Fransiya va Germaniya kabi G‘arb davlatlarining G‘arbiy va Markaziy Afrikadagi jangarilarga qarshi kurashdagi eng muhim hamkorlaridan biri bo‘lgan. Ko‘p yillar davomida mamlakat IShID va «Al-Qoida» bilan aloqador turli guruhlar hujumiga uchragan. 

Ayni paytda Nigerdagi AQSh harbiylari soni 650 ga yaqin. Mamlakat shimolida, Agades yaqinida AQShning uchuvchisiz uchish apparatlari joylashgan baza mavjud. 2023 yil oktyabr oyida Fransiya G‘arbiy Afrika mamlakatidan o‘z harbiylarini olib chiqishni boshladi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: