Ukrainada safarbarlik haqidagi yangi qonun kuchga kirdi

Jahon 10:54 / 18.05.2024 3284

18 may, shanba kuni Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi. Hujjatning qoidalari harbiy xizmat majburlarni xabardor qilish, harbiy ro‘yxatga olish va harbiy xizmatga chaqiruv qoidalarini o‘zgartiradi.

HShMdagi ma’lumotlarni majburiy aniqlashtirish 

Yangi qonunga ko‘ra, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatni o‘tashga majbur bo‘lgan barcha erkaklar chaqiruvni kutmasdan ikki oy muddatda shaxsiy ma’lumotlarini yangilashlari shart: to‘liq ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, yashash manzili, telefon raqamlari, elektron pochtasini. 

Agar fuqaro Ukraina hududida bo‘lsa, ma’lumotlarini hududiy shakllantirish markazlari (HShM), ma’muriy xizmatlar ko‘rsatish markazi, shuningdek, chaqiriluvchilar va zaxiradagilarning elektron hisobi orqali yangilashi mumkin. Agar fuqaro chet elda bo‘lsa, ma’lumotlar chaqiriluvchining onlayn akkaunti yoki harbiy ro‘yxatga olingan joydagi HShM rasmiy elektron pochta manzili yoki telefon raqami orqali ham yangilanishi mumkin. 

Harbiy hujjatlarni tekshirish 

Qonun kuchga kirgandan so‘ng, Ukrainaning harbiy yoshdagi barcha fuqarolari harbiy ro‘yxatga olish hujjatlariga ega bo‘lishlari va HShM vakolatli vakili yoki politsiya xodimining talabiga binoan uni taqdim etishlari kerak. Ukraina davlat chegarasi orqali o‘tish punktlarida harbiy xizmatga majbur bo‘lgan shaxsning harbiy guvohnomasi yoki vaqtinchalik guvohnomasi ham so‘ralishi mumkin. 

18 maydan boshlab chaqiruv qog‘ozlari topshiriladi

Yangi qonunga ko‘ra, endi chaqiruv qog‘ozini quyidagilar topshirishi mumkin: HShM, «SBU» va Tashqi razvedka xizmatining vakolatli xodimlari, ish beruvchilar, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari, HShM buyrug‘i bo‘lsa, ta’lim muassasalari rahbarlari. shuningdek, uy-joy kommunal xizmati vakillari. 

Fuqaro harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan taqdirda, HShM uning safarbarlik davrida transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishi mumkin. 

Safarbarlikni kechiktirish 

Yangi qonun ikkinchi oliy ma’lumot uchun tahsil oluvchilarga safarbarlikni kechiktirish imkonini bekor qiladi. U faqat kunduzgi bo‘limda o‘qiydigan ilgari oliy ma’lumotga ega bo‘lgan talabalarga beriladi. Shu bilan birga, doktorantlar va internaturaga qabul qilinganlar uchun kechiktirish saqlanib qolmoqda. 

Endilikda Mudofaa vazirligi tizimidagi korxona, muassasa va tashkilotlar xodimlari uchun ham safarbarlik muddatini kechiktirish bo‘lmaydi. 

Quyidagilarga safarbarlik amal qilmaydi: bron qilingan xodimlar, I yoki II guruh nogironlari, kamida 0,75 stavkada ishlaydigan ilmiy xodimlar va o‘qituvchilar, aliment bo‘yicha qarzi bo‘lmagan ko‘p bolali fuqarolar, yolg‘iz ota-onalar va mehnatga layoqatsiz yaqin qarindoshlarini parvarish qilayotganlar. 

Ko‘proq yangiliklar: