Toyota Corolla’dan tortib Chevrolet Impala’gacha – Avtosanoat tarixida eng ko‘p sotilgan avtomobillar

Jahon 11:01 / 18.05.2024 13784

21-asrga kelib nafaqat dunyoning rivojlangan ilg‘or davlatlari, balki endi rivojlanayotgan davlatlarida ham avtomobil sanoati paydo bo‘ldi.

Bunga sabab dunyoning yirik avtomobilsozlik kompaniyalari xarajatlarni kamaytirish maqsadida o‘z ishlab chiqarish liniyalarini ishchi kuchi ancha arzon bo‘lgan davlatlarga ko‘chira boshlashdi.

Biroq shunday bo‘lsa ham dunyoning rivojlangan davlatlari bugun avtosanoatda yetakchilikni ushlab turibdi. Jumladan, Germaniya, AQSh, Yaponiya, Britaniya, Fransiya, Italiya, Xitoy va Janubiy Koreyada o‘nlab kompaniyalar bir vaqtning o‘zida ko‘plab rusumlarda avtomobillar ishlab chiqarmoqda.

Avtomobilsozlik tarixida eng ko‘p sotilgan rusumlar ro‘yxatida Toyota Corolla birinchi o‘rinni egallangan bo‘lsa, o‘nlikdan Ford kompaniyasining to‘rtta, Volkswagenʼdan uchta, Hondaʼdan ikkita avtomobil rusumi bor.

Ayrim avtomobillar turli davlatlarda har xil nomlar bilan sotilgani uchun bu ro‘yxatga kirmagan. Masalan, Fiat-124 avtomobili SSSRda VAZ-2101 Jiguli nomi bilan ham chiqarilgan. Bu avtomobildan Italiya, SSSR, Polshada 15 mln donaga yaqin ishlab chiqarilgan.

Quyida avtomobilsozlik tarixida eng ko‘p sotilgan rusumlar haqida ma’lumotlarni keltiramiz (ro‘yxatning quyi qismi boshqa turli manbaalarda turlicha berilgan bo‘lishi mumkin).

13. Chevrolet Impala

1967 yilda ishlab chiqarilgan Chevrolet Impala

Chevrolet Impala General Motors konserni tomonidan ilk bor 1957 yilda ishlab chiqarilgan va 2020 yilda tayyorlash to‘xtatilgan. O‘tgan yillar davomida bu avtomobil o‘n marta yangilangan.

1965 yilgacha Chevrolet Impala Chevrolet brendining eng qimmat avtomobili bo‘lgan. 1980-yillar o‘rtalarida bu avtomobil kompaniyaning o‘rtamiyona narxlanadigan rusumiga aylangan.

General Motors korxonalarida umumiy hisobda 14 mln dona atrofida Chevrolet Impala ishlab chiqarilgan. O‘z tarixida Chevrolet Impala ikki eshikli kabriolet, kupe, xardtop va to‘rt eshikli sedan hamda xardtop ko‘rinishlarida tayyorlangan.

12. Volkswagen Passat

1973 yilda ishlab chiqarilgan  Volkswagen Passat

Bu avtomobil Volkswagen kompaniyasi tomonidan 1973 yilda ishlab chiqarilgan. Bu avtomobil kompaniyaning turli davlatlardagi korxonalarida Dasher, Santana, Quantum, Magotan, Corsar va Carat nomlari ostida ham tayyorlangan.

Avtomobil nomi yil davomida Yer kurrasi bo‘ylab esib turadigan shamol nomidan olingan.

Volkswagen Passat hanuzgacha ishlab chiqariladi va o‘tgan davrda avtomobil bir necha bor yangilangan. Kompaniya shu vaqtgacha undan 15 mln dona tarofida tayyorlab sotgan.

11. Nissan Pulsar

1980 yilda ishlab chiqarilgan Nissan Pulsar

Yaponiyaning Nissan kompaniyasi bu avtomobilni ilk bor 1978 yilda ishlab chiqargan. Nissan Pulsar ayrim davlatlarda Sunny va Sentra nomlari bilan sotuvga chiqarilgan.

Nissan Motor 2010 yilda Nissan Pulsar’ni ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Biroq 2013 yilda kompaniya Avstraliya va Yangi Zelandiyada NissanTiida o‘rniga Nissan Pulsar avtomobillarining sedan va xetchbek turlarini yana savdoga chiqaradi.

Kompaniya bu avtomobildan shu paytgacha 16 mln dona tayyorlab, sotgan.

10. Ford Fiesta

1980 yilda ishlab chiqarilgan Ford Fiesta Supersport
Manor Park Classics

Ford Motor Company Ford Fiesta avtomobilini 1976 yilda ommaga taqdim etgan. Bu avtomobil kompaniyaning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri hisoblanadi va u 2023 yilgacha ishlab chiqarilgan.

O‘tgan yillar mobaynida avtomobil qariyb 10 marta yangilangan va undan 16 mln dona tayyorlangan.

Ford Fiesta avtomobili kompaniyaning AQShdagi korxonalaridan tashqari Yevropaning bir nechta mamlakatlarida, Braziliya, Argentina, Meksika, Venesuela, Xitoy, Hindiston, Tayland va Janubiy Afrika respublikasida ishlab chiqarilgan.

9. Ford Model T

1920-yillarda ishlab chiqarilgan Ford Model T
St. Louis Car Museum

Ro‘yxatdagi boshqa avtomobillardan farqli o‘laroq Ford Model T avtomobili 20-asr boshlarida ishlab chiqarilgan. Ford Motor Company bu avtomobilni ilk bor 1908 yilda ommaga taqdim etgan.

Ford Model T dunyo avtosanoati tarixida million donadan oshiq ishlab chiqarilgan birinchi avtomobil hisoblanadi. Amerikaliklar bu avtomobilni 1927 yilgacha ishlab chiarishadi va undan jami 16 mln donadan oshiqroq tayyorlangan.

Ford Motor Company bu avtomobilni Germaniya, Britaniya, Fransiya va Avstraliyada ham ishlab chiqargan. Shu sababli u dunyo avtosanoat tarixida xorijiy davlatlarda ham tayyorlangan ilk avtomobil sifatida qayd etilgan.

8. Honda Accord

1980 yilda ishlab chiqarilgan Honda Accord

Yaponiyaning Honda kompaniyasi bu avtomobilni 1976 yilda ishlab chiqara boshlagan. O‘shandan buyon bu rusum bir necha marta yangilangan. Ayni damda o‘n birinchi avlod avtomobillari tayyorlanmoqda.

Kompaniya Honda Accord avtomobillarini uch xil ko‘rinishda – sedan, xetchbek va universal ko‘rinishlarda ishlab chiqargan.

Kompaniya Honda Accord avtomobillari hozirgacha ishlab chiqarmoqda. Undan shu paytgacha 17 mln donadan oshiqroq tayyorlangan. Ulardan 8 mln donasi AQShda sotilgan.

7. Opel Corsa

1980-yillarda ishlab chiqarilgan Opel Corsa

Opel Corsa avtomobili ilk bor 1982 yilda ishlab chiqarilgan. Bu avtomobil Opel kompaniyasining eng ko‘p sotilgan rusumlaridan biri hisoblanadi. U Yevropada eng ko‘p sotilgan avtomobillar o‘ntaligiga kirgan.

Shu bilan birga Opel Corsa turli davlatlarda boshqa nomlar bilan ham ishlab chiqarilgan. Jumladan, Britaniyada Vauxhall Corsa, Avstraliyada Holden Barina, Lotin Amerikasida Chevrolet Corsa, Yaponiyada Opel Vita nomlari bilan sotilgan.

Opel Corsa avtomobili bir necha marta yangilangan va u hanuzgacha ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya shu paytgacha undan 18 mln donadan oshiqroq tayyorlab sotgan.

6. Honda Civic

1972 yilda ishlab chiqarilgan Honda Civic

Honda Civic avtomobili ilk bor 1972 yilda ishlab chiqarilgan. 1970-yillarda mototsikl ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan Honda Motor aynan Honda Civic avtomobili tufayli dunyo avtomobilsozlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.

Mazkur avtomobil hanuzgacha ishlab chiqarilyapti va u shu paytgacha 11 marta yangilangan. Kompaniya o‘z tarixida Honda Civic avtomobillaridan 19 mln dona atrofida tayyorlab sotgan.

5. Ford Escort

1968 yilda ishlab chiqarilgan Ford Escort

Ushbu avtomobil Ford Motor Company’ning eng muvafaqiyatli loyihalaridan biri hisoblanadi. Bu avtomobil Amerikadan ko‘ra Yevropada mashhurroq. Shu sababli kompaniya uni asosan Yevropadagi korxonalarida ishlab chiqargan.

Ford Escort 1968-2004 yillar davomida ishlab chiqarilgan va u Yevropada eng ko‘p sotilgan avtomobillar o‘nligiga ham kirgan. Kompaniya bu avtomobildan 20 mln dona atrofida tayyorlab sotgan.

Ford Escort avtomobillari Britaniyadagi ikkita, Irlandiya, Belgiya, Germaniya, Tayvan, Yangi Zelandiya, Avstraliyadagi korxonalarda ishlab chiqarilgan.

4. Volkswagen Beetle

1968 yilda ishlab chiqarilgan Volkswagen Beetle

Bu avtomobil ham qariyb 80 yillik tarixga ega. U ilk bor 1946 yilda ishlab chiqarilgan va o‘shanda uning nomi Volkswagen Käfer bo‘lgan. Käfer so‘zi Qo‘ng‘iz ma’nosini anglatadi.

Keyinchalik, ushbu avtomobil jahon bozoriga chiqarilgach uning nomi Volkswagen Beetle (inglizchada Qo‘ng‘iz) deb o‘zgartiriladi. Volkswagen Beetle 2003 yilgacha ishlab chiqarilgan.

Volkswagen Beetle tez-tez yangilab turilgan. Kompaniya hozirgacha Volkswagen Beetle avtomobillaridan 23 mln dona atrofida ishlab chiqargan.

1997 yilda uning yangilangan rusumi Volkswagen New Beetle nomi bilan sotuvga chiqariladi va bu avtomobil 2010 yilgacha ishlab chiqariladi.

2011 yilda kompaniya rusumni yana yangilaydi va avtomobil nomini qaytadan Volkswagen Beetle deb nomlaydi. 2021 yilda Volkswagen konserni Beetle dizaynini Xitoyning Great Wall kompaniyasiga sotib yuboradi.

3. Volkswagen Golf

1974 yilda ishlab chiqarilgan Volkswagen Golf I

Volkswagen Golf ilk bor 1974 yilda ishlab chiqarilgan. Uning nomi Atalantika okeanidagi Golfstrim (nemischa Golfstrom) oqimi nomidan olingan.

Volkswagen Golf Yevropada eng ko‘p sotilgan avtomobil hisoblanadi. Bu avtomobil hanuzgacha ishlab chiqariladi va hozirda uning 8-avlodi tayyorlanmoqda.

1-avlod Volkswagen Golf avtomobilining dizayneri italiyalik bo‘lgan. Shu sababli u bir paytlar Fiat kompaniyasida tayyorlangan avtomobillarga o‘xshab ketadi.

Nemislar Volkswagen Golf avtomobillarini boshida xetchbek va kabriolet ko‘rinishida ishlab chiqargan. Keyinchalik u sedan va universal ko‘rinishida ham tayyorlangan.

Kompaniya Volkswagen Golf avtomobillaridan 30 mln dona atrofida ishlab chiqargan.

2. Ford F

1980 yilda ishlab chiqarilgan Ford F150

Ford F avtomobili ilk bor 1948 yilda sotuvga chiqarilgan va u hanuzgacha ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya bu rusumni shu paytgacha juda ko‘p bor yangilagan. Hozirda 14-avlod avtomobillari tayyorlanmoqda.

Ford F rusumi Ford Motor Company’ning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biri hisoblanadi. Bu avtomobil asosan ikki eshikli (to‘rt o‘rindiqli) va to‘rt eshikli (besh o‘rindiqli) qilib ishlab chiqarilgan.

AQSh va Kanadada Ford F rusumi juda ommabop avtomobil hisoblanadi. Kompaniya 1995-yillardan boshlab har yili Shimoliy Amerikada ushbu rusumdagi avtomobillardan qariyb 1 mln donadan sotib keladi.

Ishlab chiqarish boshlangandan buyon umumiy hisobda dunyo bo‘ylab bu avtomobildan 40 mln dona atrofida tayyorlab sotilgan.

1. Toyota Corolla

1966 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Corolla

Toyota Corolla avtomobili 1966 yilda ishlab chiqarilgan. Bu avtomobil dunyoda eng ko‘p sotilgan rusum sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

Toyota bu rusumni hozirgacha o‘n martadan oshiqroq yangilagan va hozirda uning 12-avlodi ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, Toyota Corolla asosida yana ko‘plab boshqa rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarilgan.

O‘tgan yillar davomida Toyota Corolla besh xil – sedan, uch va besh eshikli xetchbek, liftbek hamda universal ko‘rinishlarida tayyorlanib, sotuvga chiqarilgan. Kompaniya o‘z tarixida 45 mln atrofida Toyota Corolla avtomobillarini tayyorlab sotgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: