Sud UniCredit Bank’ning Rossiyadagi aktivlari va hisobraqamlarini xatlovga oldi

Jahon 07:26 / 18.05.2024 1574

Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati arbitraj sudi «YuniKredit Bank» AJ va UniCredit Bank AG’ning umumiy qiymati 462,67 million yevro bo‘lgan mol-mulki, hisobraqamlari va qimmatli qog‘ozlarini xatlovga oldi. 17 may, juma kuni Rossiya axborot agentliklari xabariga ko‘ra, Rossiyaning «RusXimAlyans» kompaniyasi da’vosi asosida vaqtinchalik choralar ko‘rildi. Ushbu yuridik shaxs Ust-Luga shahrida gazni qayta ishlash va suyultirish majmuasini qurish bo‘yicha operatorlardan biri hisoblanadi

Kompaniya 2023 yil avgust oyida UniCredit Bank’ga qarshi da’vo arizasi bilan chiqdi. «RusXimAlyans» bank kafolatlari bo‘yicha to‘lash uchun 443,76 million yevro qarzni, shuningdek, qarzni to‘lash sanasigacha uni hisoblashni davom ettirgan holda 4,46 million yevro jarimani undirmoqchi edi. 

YeI sanksiyalari va Ust-Lugadagi kompleks bo‘yicha kelishuvni bekor qilish 

UniCredit Bank Germaniyaning Linde kompaniyasi bilan Ust-Lugada gazni qayta ishlash majmuasini qurish bo‘yicha shartnoma bo‘yicha kafil banklardan biri sifatida ishladi. Shartnoma Rossiyaning Ukrainaga harbiy harakatlarga javoban Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar tufayli bekor qilingan. Shundan so‘ng, «RusXimAlyans» Linde, shuningdek, Deutsche Bank va Commerzbank’ga da’vo arizasi bilan chiqdi. 2022 yilning dekabrida Sankt-Peterburgdagi arbitraj Linde’ning Rossiyadagi 35 milliard rubllik aktivlarini xatlovga oldi. 

UniCredit Bank Rossiyada Raiffeisen Bank International’dan keyin eng yirik xorijiy bank hisoblanadi va balans aktivlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasining 20 ta eng yirik banklari qatoriga kiradi, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. Moliyaviy muassasa vakillari Rossiya sudining qaroriga izoh bermadi. 

Ko‘proq yangiliklar: