Senat davlat mulkini ijaraga berishda javobgarlikni kuchaytirish masalasini ko‘rib chiqadi

O‘zbekiston 08:12 / 18.05.2024 1029

Oliy Majlis Senati ellik ikkinchi yalpi majlisi 18 may, shanba kuni bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Video-konferens-aloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda «Soliq kodeksining 227−1-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida»gi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyatini, shuningdek, ijro ishini yuritish hamda baholash faoliyatini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqidagi qonunlarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

Majlis kun tartibidan davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish, sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish, Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220−1-moddasiga qo‘shimcha kiritish xususidagi qonunlar ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi hamda ularni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Navbatdagi yalpi majlisda Markaziy bankning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktorining O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti hamda Vazirlar Mahkamasiga yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy ta’siri yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: