Sankt-Peterburgda 17 may, juma kuni kechqurun Budyonniy harbiy aloqa akademiyasi hududida portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga dron hujumi sabab bo‘lishi mumkin. Keyinchalik, o‘q-dorilar portlashi mumkinligi haqidagi versiyalar paydo bo‘ldi.
«Bumaga» nashri qo‘shni uylardagi guvohlariga tayanib, portlash bino ichida sodir bo‘lganini da’vo qilmoqda. OAV yetti kishi jabrlangani, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qilgan. Jarohat olganlardan biri reanimatsiyada.
Baza Telegram-kanali harbiy akademiya yaqinidagi portlash joyidan olingan videoni joylashtirdi.
Leningrad harbiy okrugi vakillari portlashga «Ikkinchi jahon urushi davridagi 76 mm o‘q-dorining o‘zboshimchalik bilan portlatilishi» sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda. U akademiya binolaridan birining yerto‘lasida ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda portlagan.
Gubernator: Bo‘lib o‘tgan voqea terrorizm bilan bog‘liq emas
O‘z navbatida, Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov «Budyonniy aloqa akademiyasida sodir bo‘lgan voqea Mudofaa vazirligi mas’uliyati doirasiga kiradi va terrorchilik xarakteriga ega emas», dedi.
Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati UUA hujumlariga deyarli uchramaydi. Yanvar oyida dron birinchi marta Leningrad viloyatidagi Ust-Luga portida obektga urilgan. NOVATEK terminalida yong‘in sodir bo‘ldi. Kompaniya dron hujumi haqida xabar berdi. Ukraina manbalarining ta’kidlashicha, bu - Ukraina Xavfsizlik xizmati («SBU») tomonidan amalga oshirilgan operatsiya.
31 yanvar kuni Sankt-Peterburgda «Nevskiy mazut» kompaniyasi hududiga havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan uchuvchisiz uchoq qulab tushdi. Mart oyida Sankt-Peterburgning Katta porti dron hujumlarining kuchayishi sababli ammiakli selitrani tashishni to‘xtatgani xabar qilingan edi. Aprel oyida Sankt-Peterburg ma’muriyati qonun loyihasini e’lon qildi, unga ko‘ra UUA hujumlari oqibatlari haqida har qanday ma’lumotni tarqatish taqiqlanadi.