Rossiyaning «Mediazona» nashri va BBC rus xizmati 17 may, juma kuni Rossiyaning Ukrainaga hujumi natijasida rus armiyasining yo‘qotishlari haqidagi xulosani yangiladi. Jurnalistlar va ko‘ngillilar jamoasi ochiq manbalardan Rossiya Qurolli kuchlarining 53 586 nafar harbiy xizmatchisi, shu jumladan kamida 6 441 nafar safarbar qilinganlar halok bo‘lganini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi.
Ikki hafta ichida kamida 1431 askar frontda halok bo‘ldi. Bu 2022 va 2023 yillardagi o‘rtacha yo‘qotishlardan yuqori, deyiladi matnda.
Britaniya Mudofaa vazirligi: Rossiya Ukrainada 450 ming askarini yo‘qotdi
Britaniya Ukrainadagi urushda Rossiyaning yo‘qotishlarini 450 ming kishi atrofida baholaydi. Yana o‘n minglab odamlar qochib ketgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning UK Defence Journal nashri aprel oyi oxirida qirollik qurolli kuchlar vaziri Leo Dokertiga tayanib xabar berdi.
London shuningdek, «Ukrainada 10 mingdan ortiq rus zirhli texnikasi, shu jumladan 3000 ga yaqin asosiy jangovar tanklar, 109 samolyot, 136 vertolyot, 346 ta uchuvchisiz uchish apparati, 23 ta barcha toifadagi harbiy-dengiz kemalari va boshqa turdagi artilleriya tizimlari yo‘q qilingan, tashlab ketilgan yoki qo‘lga olingan», deb hisoblaydi.
Rossiya Ukrainadagi yo‘qotishlarni oshkor etmayapti
Rossiya hukumati Ukrainadagi armiya yo‘qotishlarini oshkor qilmayapti. AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Uilyam Berns 30 yanvar kuni Amerikaning Foreign Affairs nashri uchun ruknida Rossiya armiyasining jami yo‘qotishlarini 315 ming kishi atrofida baholadi.