Gruziya prezidenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi mojaroli qonunga veto qo‘ydi

Jahon 21:44 / 18.05.2024 5440

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili parlament tomonidan qabul qilingan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga veto qo‘ydi.

«Bugun men «Rossiya» qonuniga veto qo‘ydim. Bu qonun o‘z mohiyati va ruhiga ko‘ra rossiyaniki. Bu bizning konstitutsiyamizga va barcha Yevropa standartlariga zid keladi va shuning uchun bizning Yevropa yo‘limiz uchun to‘siqdir. Ushbu qonun hech qanday o‘zgartirish yoki yaxshilanishga muhtoj emas, shuning uchun veto juda oddiy. Bu qonunni bekor qilish kerak», dedi Zurabishvili brifingda.

Biroq, parlamentda ko‘pchilik qonunni yoqlab ovoz bersa, prezident vetosi bekor qilinishi mumkin. Avvalroq, Gruziya parlamenti Yevropa Ittifoqi tomonidan tanqid qilingan «yashirin tergov faoliyati to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilish chog‘ida prezident vetosini bekor qilgan edi.

14 may kuni Gruziya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Uni 84 deputat yoqladi, 30 deputat qarshi chiqdi. Ushbu hujjatda xorijdan 20 foizdan ortiq moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari aks ettiriladigan maxsus reyestr yaratish nazarda tutilgan. Ular yillik moliyaviy hisobotni e’lon qilishi kerak bo‘ladi.

Qonun loyihasining muxoliflari uni «chet el agentlari» to‘g‘risidagi Rossiya qonunining nusxasi deb atashadi. Hujjat AQSh va Yevropada ham tanqidga uchradi. Qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayoni Gruziyada ommaviy norozilik namoyishlari bilan kechdi.

Ko‘proq yangiliklar: