Kavelashvili Gurjiston prezidenti lavozimiga kirishdi, Zurabishvili saroyni tark etdi
Mixail Kavelashvili Konstitutsiyada nazarda tutilgan prezidentlik qasamyodini qabul qildi. Avvalgi prezident Salome Zurabishvili prezident qarorgohidan chiqib ketdi, ammo vakolatlari tugamaganini aytdi.

Foto: Reuters
Mixail Kavelashvili Gurjiston prezidenti lavozimini egalladi. Yangi davlat rahbarining inauguratsiyasi respublika parlamenti binosida bo‘lib o‘tdi.
Kavelashvili Konstitutsiyada nazarda tutilgan prezidentlik qasamyodini qabul qildi. Marosimga xorijiy elchilar ham, chet ellik mehmonlar ham taklif qilinmadi. Unda faqat deputatlar, hukumat a’zolari, Gurjiston pravoslav cherkovi vakillari, shuningdek, konstitutsiyaviy organlar vakillari ishtirok etdi.
Avvalgi prezident Salome Zurabishvilining vakolatlari inauguratsiya kuni tugadi, biroq u lavozimini tark etmasligini aytdi. Uning aytishicha, siyosiy inqirozdan chiqishning yagona yo‘li parlamentni tarqatib yuborish va yangi parlament saylovlarini belgilashdir. Ammo Zurabishvili Orbeliani saroyidan (Tbilisidagi prezident qarorgohidan) chiqib ketdi, avvalroq, bundan bosh tortayotgan edi. Shunda bosh vazir Irakliy Kobaxidze Zurabishvili vakolatlarini Kavelashviliga topshirishdan bosh tortayotgani uchun qamoq bilan tahdid qildi.
26 oktyabr kuni Gurjistonning bir palatali 150 o‘rinli parlamentiga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 18 partiyadan beshtasi 5 foizlik chegaradan oshib, deputatlik mandatlarini oldi - bu hukmron «Gurjiston orzusi» va to‘rtta muxolifat partiyasi. 2012 yildan beri hokimiyat tepasida turgan «Gurjiston orzusi» 99 o‘rinni (53,93 foiz ovoz) qo‘lga kiritdi.
Muxolifat saylov natijalariga rozi bo‘lmadi va ularni soxta deb hisobladi. Shundan so‘ng, mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi va davom etmoqda. Salome Zurabishvili ham namoyishchilarga qo‘shildi: u saylovning rasmiy natijalarini tan olmasligini va vakolat muddati tugashiga qaramay, prezidentlik lavozimini tark etmasligini aytdi, chunki «noqonuniy parlament yangi prezidentni saylay olmaydi».
Mavzuga oid

16:59 / 06.03.2025
Shavkat Mirziyoyev 6 ta davlat elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qildi

08:12 / 06.03.2025
O‘zbekiston va Gurjiston savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda

20:45 / 05.03.2025
Prezident Gurjiston bosh vaziri Irakliy Kobaxidzeni qabul qildi

15:00 / 05.03.2025