Qrim va Novorossiysk uchuvchisiz uchoqlarning yirik hujumiga uchradi

Jahon 11:15 / 17.05.2024 5083

Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi Novorossiysk va Tuapse, shuningdek, Qrim 17 may, jumaga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli kuchlarining uchuvchisiz uchish apparatlari va dengiz dronlari tomonidan ommaviy hujumga uchradi. Bu haqda Ukraina OAV hamda rus tilidagi ommaviy axborot vositalari va Telegram-kanallar xabar berdi

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bir kechada Krasnodar o‘lkasi uzra 44 ta dron tutib olingan. Krasnodar o‘lkasi operativ shtabiga ko‘ra, erta tongda 2 ta UUA Tuapsedagi «fuqarolik infratuzilmasi»ga hujum qilgan. «Apparatning qulashi natijasida neftni qayta ishlash zavodi hududida yong‘in sodir bo‘ldi», — deyiladi xabarda. Keyinroq tezkor shtab yong‘in o‘rab olingani haqida ma’lumot berdi. 

Shu bilan birga, Astra Telegram-kanali Tuapseda yonib ketgan neftni qayta ishlash zavodiga boshqa dron tomonidan hujum qilingan payt tasvirlangan videoni e’lon qildi. 

Telegram-kanal, shuningdek, Novorossiysk aholisiga tayanib, ular kechasi 35 dan ortiq portlash ovozini eshitgani haqida xabar berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, port va neft bazasida portlash ovozlari eshitilgan. Shuningdek, port va shaharning bir qismi elektr ta’minotisiz qolgani ma’lum qilingan. Krasnodar o‘lkasi rasmiylari, o‘z navbatida, portga tungi hujum muvaffaqiyatsiz yakunlanganini bildirdi. 

Sevastopolga UUA hujumi 

Rossiya tomonidan tayinlangan Sevastopol «gubernatori» Mixail Razvojayev 17 may kuni ertalab Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining Telegram’dagi xabarini qayta e’lon qildi, unga ko‘ra Rossiya havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari bir kechada Qrim hududida 51 ta uchuvchisiz uchoqni tutib, yo‘q qilgan.

«Tunda dengiz aviatsiyasi va Qora dengiz floti patrul katerlari Qora dengizda oltita ekipajsiz katerni yo‘q qildi», — deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi xabarida. 

Shu kuni ertalab Razvojayev tungi hujumdan so‘ng Sevastopol nimstansiyasida tiklash ishlari olib borilayotgani, uning ustiga UUA qoldiqlari tushgani va shuning uchun shaharda elektr energiyasining «manzilli o‘chirishlari» kutilayotgani haqida xabar berdi. Mavjud vaziyat fonida shahar «rahbari» barcha maktablar va bolalar bog‘chalarida darslarni bekor qilishga qaror qildi. 

Belgorod va Kursk viloyatlarida portlashlar 

Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, 17 mayga o‘tar kechasi Belgorod viloyati hududida oltita, Kursk viloyati hududida esa bitta UUA urib tushirilgan. 

Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov 17 may kuni ertalab Telegram’da Oktyabrskiy qishlog‘ida tungi hujum natijasida ona va to‘rt yoshli bola halok bo‘lganini ma’lum qildi. «Kamikadze dron hujumiga uchragan mashinaning haydovchisi va oila boshlig‘i bo‘lgan erkak jarohat oldi», - deya qo‘shimcha qildi u. 

Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov xabar e’lon qilingan paytda Telegram-kanalida o‘ziga ishonib topshirilgan mintaqaga tungi hujum haqidagi so‘nggi ma’lumotlarni e’lon qilmagan. 

Ko‘proq yangiliklar: