Putin va Si Jinping «AQShning global hukmronlik istagini» tanqid qildi

Jahon 09:27 / 17.05.2024 5028

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping Pekindagi uchrashuv chog‘ida o‘zlarining umumiy strategik manfaatlarini tasdiqladilar va AQShning global hukmronligini tanqid qildilar. 16 may, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ular Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Putin Xitoyga ikki kunlik davlat tashrifini amalga oshirdi. Bu uning Rossiya Federatsiyasi prezidenti sifatida beshinchi muddatga inauguratsiya qilinganidan keyin birinchi xorijiy safaridir. Tashrif avvalida Putin ikki yirik davlat o‘rtasidagi «misli ko‘rilmagan yuqori darajadagi strategik sheriklik» haqida ma’lum qildi. 

O‘z navbatida, Si Jinping Putinni qutlar ekan, «so‘nggi uch chorak asr davomida Xitoy-Rossiya munosabatlari og‘ir sharoitlarda shakllangani, o‘zgaruvchan xalqaro vaziyat sinovidan o‘tgani va bugungi kunda yirik qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar standartini ifodalashi»ni aytib o‘tdi. 

AQShni tanqid qilish 

Putin va Si AQShni tobora tajovuzkor xatti-harakatlarda ayblab, harbiy va mudofaa sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish niyatini bildirdi. «Qo‘shma Shtatlar strategik muvozanatni buzishga harakat qilmoqda», deb ta’kidlagan ikki davlat rahbarlari qo‘shma bayonotda. Ular Qo‘shma Shtatlar dunyoning ko‘plab mintaqalarida harbiy jihatdan mavjudligini eslatib, Xitoy va Rossiyaga tahdid solayotganini bildirdi. Putin «ko‘p qutbli dunyo» qurish muhimligini yana bir bor ta’kidladi. 

Bir necha hafta oldin AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga tashrifi chog‘ida Pekindagi rahbariyatni Rossiya bilan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirishdan voz kechishga ishontirishga uringan edi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Blinken Xitoyga Rossiya mudofaa sektori bilan hamkorlik qilayotgan mahalliy kompaniyalarga nisbatan kengaytirilgan sanksiyalar bilan tahdid qildi.

Xitoyga tashrifi chog‘ida Putinga Rossiyaning yuqori martabali vakillaridan iborat katta delegatsiya, jumladan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Rossiyaning yangi mudofaa vaziri Andrey Belousov va Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina hamrohlik qildi. Rossiya prezidentiga qator yirik kompaniyalar – «Rosneft» rahbari Igor Sechin, «Sberbank» rahbari German Gref va tadbirkor Oleg Deripaska ham hamroh bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: