O‘zbekiston Afg‘onistondan 1 mln tonnadan ortiq ko‘mir import qilishi mumkin

O‘zbekiston 08:01 / 17.05.2024 4485

Transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya 12 may kuni Afg‘onistonga tashrif buyurib, tashqi ishlar vaziri Amir Xon Mottakiy bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar qildi Afg‘oniston TIV.

Transport vaziri «O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston» temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini amaliy ishlab chiqish uchun muhandislar jamoasi bilan kelganini aytgan. Bir necha haftadan so‘ng yana bir O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga afg‘on temiryo‘li qurilishi uchun uskunalar olib kelishi kutilmoqda.

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev O‘zbekistonda afg‘onistonlik biznesmenlar va haydovchilar uchun uzoq muddatli vizalar, shuningdek, ta’lim, tibbiyot va turizm uchun vizalar berish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, u yaqin orada Kobulga 1 million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olish uchun texnik guruh kelishini ta’kidlagan. Shuningdek, Mozori Sharifdagi Imom al-Buxoriy madrasasi qurilishini boshlash uchun muhandislar kelishi rejalashtirilgan.

Prezidentning maxsus vakili O‘zbekiston Afg‘oniston Axborot va madaniyat vazirligi bilan tarixiy maskanlar va ziyoratgohlarni qurish va rekonstruksiya qilishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: