Moldova 20 oktyabr kuni YeIga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazadi

Jahon 08:29 / 17.05.2024 1248

Moldova parlamenti 16 may, payshanba kuni respublikaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasi bo‘yicha referendumni 20 oktyabrga belgiladi. Tegishli qaror uchun 101 deputatdan 56 nafari ovoz berdi, mutlaq ko‘pchilikni hukmron «Harakat va birdamlik» (PAS) partiyasi vakillari tashkil etdi.

Aprel oyi o‘rtalarida Moldova Konstitutsiyaviy sudi (KS) mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan qator tuzatishlarni ma’qulladi. Shunday qilib, respublikaning asosiy qonuni «Yevropa integratsiyasi» bo‘limi bilan to‘ldiriladi, unda «ta’sis shartnomalariga qo‘shilish va Yevropa Ittifoqining ta’sis shartnomalarini qayta ko‘rib chiqish aktlari to‘g‘risida»gi modda mavjud. Konstitutsiyaga kiritilgan yangiliklar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud referendum natijalarini rasman tan olganidan keyin kuchga kiradi. 

Umumxalq ovoz berish jarayoni prezidentlik saylovi bilan bir kunda bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari lavozimini 2020 yil dekabridan beri Mayya Sandu egallab kelmoqda. U ikkinchi muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyatida. 

Moldova YeIga a’zo bo‘lish yo‘lida

Moldova prezidenti 2022 yilning mart oyida mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizasini imzoladi. Bir necha oy o‘tgach, respublika YeI a’zoligiga nomzod maqomiga ega bo‘ldi. 2023 yil 14 dekabrda ikki kunlik sammitdan so‘ng Yevropa kengashi Kishinyov bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qildi. 

O‘sha oyda Sandu Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendumni tan olinmagan Dnestrbo‘yida o‘tkazish mumkin emasligini aytdi, chunki bu mintaqa Moldova hukumati tomonidan nazorat qilinmaydi. Sandu Moldova 2030 yilgacha Dnestrbo‘yi bilan birga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkinligini tan oldi, garchi bu mintaqa hozirda Kishinyov tomonidan nazorat qilinmasa ham. Bryussel a’zolik Dnestrbo‘yisiz amalga oshishi mumkinligini istisno etmagan.

Ko‘proq yangiliklar: