“Rulda sudya bo‘lganini ko‘rganlar bor” – Denovda YTHda halok bo‘lgan advokatning yaqinlari

O‘zbekiston 21:36 / 16.05.2024 20700

Surxondaryo viloyatining Denov tumanida sud raisi va advokat YTHga uchradi. Buning oqibatida advokat og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

Marhumning yaqinlari tahririyatga murojaat qilib, YTHga uchragan Lacetti mashinasi rulida sud raisi bo‘lganligini, buni hodisaga guvoh bo‘lgan shaxslar ko‘rganligini bildirishdi.

“Kamoliddin Murodov va ukam bir-birlari bilan yaxshi tanish edi. Voqea sodir bo‘lgan kuni sud raisi o‘z xizmat mashinasida ukamning uyiga kelgan. Keyin ular ukamga tegishli Lacetti mashinasida qayergadir chiqib ketishgan.

Ortga qaytishda mashina yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga urilgan. Buning oqibatida ukam halok bo‘ldi. Guvohlarning aytishicha, YTH paytida mashina rulida sudya bo‘lgan, advokat ukam esa old yo‘lovchi o‘rindig‘i tomondan tashqariga otilib chiqib ketgan. Albatta, rulda kim bo‘lganligi tergov jarayonida aniqlanadi. Biz haqiqat qaror topishi tarafdorimiz. Sababi, ukamning to‘rt farzandi yetim qoldi”, deydi marhum advokatning opasi. 

Advokat yaqinlarining qo‘shimcha qilishicha, sud raisi Kamoliddin Murodov bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng marhumning yaqinlaridan xabar olmagan, ta’ziya bildirib, uzr so‘ramagan.

Kamoliddin Murodov YTHdan so‘ng 2024 yil 11 mart kunidan 22 mart kuniga qadar “Yevro-Med” sog‘lomlashtirish maskani travmatologiya bo‘limida davolanib chiqqan.

Avvalroq e’lon qilingan xabarda Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov Kun.uz so‘roviga javoban mazkur voqelik shu yilning 9 mart (dam olish kuni) kuni sodir bo‘lganligini, u bo‘yicha Kengash tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilganligini, YTH kimning aybi bilan sodir etilgani, mashina boshqaruvida kim bo‘lganiga tergov yo‘li bilan aniqlik kiritilishini bildirgandi.

O‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalari Surxondaryo viloyat sudlari sudyalari malaka hay’atida muhokama qilinib, jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi raisining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi. Mazkur qarorga nisbatan sud raisining Sudyalar oliy kengashiga kiritgan shikoyati esa rad qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: