Rossiyaning bir qator hududlari havo hujumlariga uchradi

Jahon 11:33 / 16.05.2024 6160

Rossiyaning bir qator hududlari, xususan: Belgorod, Bryansk, Kaluga va Tula viloyatlari, shuningdek Qrim 16 may, payshanbaga o‘tar kechasi Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tomonidan hujumga uchradi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram’da ma’lum qildi

Departament ma’lumotlariga ko‘ra, Qrim hududida «to‘rtta UUA yo‘q qilingan, ikkitasi tutib olingan». Dron hujumining aniq nishoni nima bo‘lgani aniqlashtirilmagan. Ayni vaqtda, 15 may kuni kechki payt «Krymskiy veter» Telegram-kanalida Belbek aerodromida sodir bo‘lgan yangi yong‘in tasviri ekani aytilgan video paydo bo‘ldi. Keyinroq kanal yong‘in haqidagi ma’lumot «Krymskiy veter» monitoringi guruhi tomonidan tahlil qilingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ma’lumotlari bilan tasdiqlanganini yozdi. Kanal manbasiga ko‘ra, raketa yonilg‘i bakiga kelib tekkan. 

Rossiya rasmiylari tomonidan tayinlangan Qrimning «rahbari» Sergey Aksenov xabar e’lon qilingan vaqtda Telegram’da tungi hujum tafsilotlari haqida ma’lumot bermadi. Sevastopol «gubernatori» Mixail Razvojayevning soat 7:00 dagi so‘nggi xabari - bu Rossiya Mudofaa vazirligi 15 may kuni kechqurungi ma’lumotlarining reposti: «Qrim Respublikasi uzra beshta tezkor-taktik raketa havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilindi».

Belgorod viloyatiga UUA hujumlari 

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 mayga o‘tar kechasi Belgorod viloyati hududida «navbatchi havo hujumidan mudofaa tizimlari ikkita «Olxa» YaO‘RT reaktiv snaryadini, bitta «Tochka-U» taktik raketasini va bitta UUAni yo‘q qildi». 

Mintaqa gubernatori Vyacheslav Gladkovning yozishicha, 15 may kuni kechqurun Ukraina Qurolli kuchlari Shebekinoni YaO‘RT bilan o‘qqa tutganida ikki kishi yaralangan: ulardan birining chap qo‘lida, ikkinchisining yelkasida jarohatlar bor.

Bryansk viloyati

Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz 15 may kuni kechqurun Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Pochepskiy tumani uzra samolyot tipidagi UUAni urib tushirganini aytdi. «Jarohatlanganlar yoki vayronagarchiliklar yo‘q», deyiladi uning xabarida. U mintaqaga boshqa hujumlar haqida xabar bermagan.

Kaluga va Tula viloyatlari

«Bugun tunda Suxinichi tumanida havo hujumidan mudofaa kuchlari uchuvchisiz uchoqni yo‘q qildi», deb yozdi Kaluga viloyati rahbari Vladislav Shapsha 16 may kuni ertalab Telegram’da. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar yo‘q va infratuzilma vayron bo‘lmagan», — deyiladi uning postida. 

Tula viloyatida, Mintaqaviy xavfsizlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 mayga o‘tar kechasi ikkita dron urib tushirilgan. Departament ma’lumotlarida aytilishicha, qurbonlar va vayronalar yo‘q. 

Ko‘proq yangiliklar: