Litva, Portugaliya va Daniya O‘zbekistonga yangi elchilarni tayinladi

O‘zbekiston 18:58 / 16.05.2024 1127

Litva, Portugaliya va Daniyaning O‘zbekistonga tayinlangan yangi elchilari tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Xususan, Litvaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Egidiyus Navikas 2023-2024-yillarda O‘zbekistonda diplomatik missiya rahbari sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan elchi Gintautas Vasyulis o‘rniga tayinlandi.

«Litvaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Egidiyus Navikas janoblari bilan uchrashishdan va uning ishonch yorliqlarini qabul qilishdan mamnunmiz. Ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi hamkorligimizning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildik, yaqin istiqboldagi umumiy kun tartibimizni ko‘rib chiqdik. Janob Elchiga kengayib borayotgan munosabatlarimizning hali kashf etilmagan imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishda muvaffaqiyatlar tilaymiz», deb yozdi Saidov.

Shuningdek, Baxtiyor Saidov Portugaliyaning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchisi Madalena Fisherdan ishonch yorlig‘ini qabul qildi.

«Elchi xonimga mamlakatimizdagi diplomatik faoliyati davomida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish va undan samarali foydalanishda muvaffaqiyatlar tilaymiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, Baxtiyor Saidov Daniyaning O‘zbekistondagi elchisi Yakob Xenningsenni ham qutladi.

«Uchrashuvimiz davomida ikki tomonlama munosabatlarining hozirgi holatini muhokama qildik va kelgusi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldik. Janob elchiga aloqalarimizni mustahkamlashdagi maqsadlariga erishishda muvaffaqiyatlar tilaymiz», deb yozdi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Ko‘proq yangiliklar: