AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Ukrainaga 2 milliard dollarlik harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu paket Ukrainani zudlik bilan qurol-yarog‘ bilan ta’minlash, Kiyevga boshqa davlatlardan qurol sotib olishga yordam berish va Ukraina infratuzilmasiga sarmoya kiritish uchun mo‘ljallangan, dedi Amerika tashqi siyosat bo‘limi rahbari 15 may, chorshanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida.
Blinken Kiyevda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida: «Biz Ukraina bugun jang maydonida muvaffaqiyat qozonishini ta’minlash uchun ishlayapmiz», dedi. Shu bilan birga, davlat kotibi Ukrainaga kelajakda o‘z hududidagi hujumlarni qaytarish, Ukraina xalqining o‘z kelajagini mustaqil belgilash huquqini amalga oshirish imkonini beradigan sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.
Bir kun avval Blinken Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Bu 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri AQSh davlat kotibining Kiyevga to‘rtinchi tashrifi bo‘ldi. Bu, shuningdek, AQSh Kongressi bir necha oylik kechikishdan keyin Kiyevga 61 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratishni ma’qullaganidan keyin uning Ukraina poytaxtiga birinchi tashrifidir.
Ukrainaning jang maydonidagi qiyinchiliklari
Qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va askarlar tanqisligini boshdan kechirayotgan Ukraina bir necha oydan beri mudofaaga o‘tib, rus qo‘shinlarining hujumini to‘xtatib kelmoqda. Ikki yildan ortiq vaqtdan beri Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiya o‘tgan hafta Xarkiv viloyatida yangi front ochib, chegara hududidagi o‘nga yaqin Ukraina qishlog‘ini egallab oldi. Ukraina qurolli kuchlari askarlari ayrim pozitsiyalarni tark etishga majbur bo‘ldi. Zelenskiy frontdagi og‘ir vaziyat tufayli yaqin kunlarda barcha xorijiy safarlarini bekor qildi.
Dmitriy Kuleba Blinken bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Ukrainada zudlik bilan yana yettita Patriot zenit-raketa kompleksiga ehtiyoj borligini yana bir bor ta’kidlab, Xarkiv viloyati mudofaasi uchun yana ikkita shunday tizim kerakligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u ittifoqchi davlatlarni Ukrainaga va’da qilingan qurollarni yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.