Ko‘pchilik uchun ertalab ishga borish tirbandlikda ancha payt yo‘qotish yoki odam to‘la metrodan amallab joy topib olishni anglatadi. Biroq Yevropada unday emas. Bu yerda vaqt o‘tgani sari ko‘proq odam avtobus, avtomashinalarni velosipedlarga almashtirmoqda.
Velosiped nafaqat sog‘liq uchun foydali, balki havoga zararli chiqindilar chiqaradigan avtomashinalar uchun ajoyib alternativ bo‘la oladi.
Ko‘plab Yevropa davlatlarida velotizim mavjud. Biroq hammasining darajasi bir-biridan farq qiladi.
Niderlandiya
Niderlandiyaliklar kuniga o‘rtacha 2,6 kmni velosipedda bosib o‘tadi. Tadqiqotlardan birida aniqlanishicha, agar butun dunyoda shu ko‘rsatkich bo‘lganda yillik global uglerod chiqindilari 686 million tonnaga qisqargan bo‘lardi.
Niderlandiya hukumati odamlarni velosipedda harakatlanishga rag‘batlantirish dasturlarini ishlab chiqqan.
Bu davlatda 2006 yildan beri korxonalar o‘zlarining velosipedda ishga keladigan xodimlariga bir kilometr uchun 0,19 yevro pul to‘laydi. Hukumat esa biznes egalariga bu to‘lovlar evaziga soliqdan chegirma beradi. Boshida bu imtiyoz faqatgina mashina haydovchilarga yonilg‘ini qoplash uchun ishlatish imkoniyati bilan berilgan bo‘lsa, keyinroq istalgan velohaydovchilar undan foydalana boshladi. Velosiped haydovchilar benzin sotib olib o‘tirishi shart emas. Bu pul ularning cho‘ntagiga qoladi.
Hozir Niderlandiyada 5 kunda o‘rtacha 10 kmni velosipedda bosib o‘tadigan odam bu tizimdan yiliga 450 yevro foyda ko‘radi.
Belgiyada ham velosipedda harakatlanuvchilar uchun xuddi Niderlandiyadagiga o‘xshash tizim ishlaydi. Ular har bir km uchun 0,24 yevro olishlari mumkin.
Fransiyada esa bir km uchun 0,25 yevro atrofida to‘lanadi. Yiliga esa 200 yevrogacha daromad olish mumkin. Mamlakatda velosiped minishni rag‘batlantirishga aloqador bir pilot loyiha sabab unda qatnashgan 18 ta kompaniyaning xodimlari o‘rtasida velosipedda harakatlanish 50 foizga oshgan.
Italiya
Italiyada velotizimga oid imtiyozlar hududlarga qarab farqlanadi.
Masalan, Shimoliya Florensiya shahri yaqindagina 3 iyundan yil oxirigacha amal qiluvchi yangi tizimni tanishtirdi.
Unga ko‘ra, mashinasini tashlab, ishga velosipedda borishni boshlaganlar shahar ichida velosipedda yurgan har bir kilometr uchun 0,20 yevro olishadi. Ishga allaqachon velosipedda borishni boshlaganlar esa har bir kilometr uchun 0,15 yevro oladi. Ishtirokchilar Pin Bike ilovasi yordamida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. Ilovada eng ko‘p ball to‘plagan 200 foydalanuvchiga har oy 100 yevro miqdorida bonuslar berish rejalashtirmoqda.
Italiyaning Puglia viloyatining markazi Bari shahrida esa velosipedchilar ishga boradigan har bir kilometr uchun 0,21 yevro oladi. Ular oyiga 25 yevrogacha olishi mumkin.
Italiya hukumati yo‘lovchilarga yangi velosiped sotib olish uchun vaucherlar ham taklif qiladi.
Buyuk Britaniya va Lyuksemburg
Ba’zi davlatlar har bir kilometr uchun to‘lov bermaydi, lekin ularda velosiped sotib olish uchun imtiyozlar bor.
Lyuksemburgda ishga velosipedda boradigan odamlar yangi ulov sotib olish uchun oylik daromad solig‘idan 300 yevrogacha imtiyoz olishi mumkin.
Buyuk Britaniyada esa xodimlar ish beruvchilari orqali velosiped sotib olishlari mumkin. Ular velosipedning xarid narxidan 32 foizini soliq imtiyozi sifatida qaytarib ololadi.
Nega velosipedda yurish kerak?
Transport sektori issiqxona gazlarining to‘rtdan bir qismini ishlab chiqaradi. Buning yarmi esa shaxsiy avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mashinalar havoni zararli gaz va kimyoviy moddalar bilan ham to‘yintiradi.
Shuning uchun Yevropa davlatlari velosipedda harakatlanishni faollik bilan yoyishga harakat qilmoqda. Sababi bu ommalashsa, havoga zararli chiqindi ajralmalari kamayadi.
Bundan tashqari, tadqiqotlarda velosipedda harakatlanish saraton xavfini 45 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfini esa 46 foizga kamaytirishi aniqlangan.