«Termiz xalqaro savdo markazi» hududida dollar, yevro, yuan va rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi

Iqtisodiyot 22:41 / 15.05.2024 8177

Farmon bilan ulgurji va chakana savdoda to‘lov vositasi sifatida, istisno tariqasida, o‘zbek so‘mi bilan bir vaqtda AQSh dollari, Rossiya rubli, yevro, Xitoy yuani valutalarini qabul qilishga ruxsat berildi. Bunda qabul qilingan naqd xorijiy valuta Markazda tashkil etilgan tijorat banklari filiallari orqali Markazda faoliyat yuritadigan yuridik shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkaziladi. 

Shuningdek, markaz hududida faoliyat yurituvchi O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan tadbirkorlik sub’yektlariga Afg‘oniston fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun tasdiqnoma olmasdan mehnat shartnomalari asosida ishga qabul qilishga ruxsat berildi. 

Afg‘oniston va Pokiston fuqarolariga savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan bino va inshootlarni ijaraga olish, shuningdek, istisno tariqasida, mulk huquqi bilan sotib olish huquqi berildi. Bunda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq qonunchilikda belgilangan tartibda ijara huquqi asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. 

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, chegara va bojxona nazoratidan o‘tgan holda maxsus yo‘lak orqali kirishi (chiqishi) hamda o‘n besh kun muddatgacha markaz hududida bo‘lishi tartibi joriy etildi. 

Qayd qilinishicha, markazdan Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrigacha (95 km) ekspress avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: