Rossiya Mudofaa vazirligi bosh kadrchisi ishi bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi hibsga olindi

Jahon 07:45 / 15.05.2024 4086

Moskvada Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i, general-leytenant Yuriy Kuznetsov avvalroq qamalgan katta miqdordagi pora ishi bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi hibsga olindi. Rossiyaning «Interfaks» agentligi 14 may, seshanba kuni xabar berishicha, Basmanniy sudi yakka tartibdagi tadbirkor Lev Martirosyanni hibsga olishga ruxsat bergan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tergov 52 yoshli Martirosyanni Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 291-moddasi 5-qismida ayblamoqda (katta miqdorda pora berish). Sud 1 oy 28 kun muddatga, ya’ni 2024 yil 12 iyulga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi, deya aniqlik kiritdi nashr.

Rossiya Mudofaa vazirligi kadrlar bo‘limi boshlig‘i poraxo‘rlik uchun hibsga olindi 

55-yoshli general-leytenant Yuriy Kuznetsov 13 may kuni ushlangan. Avvalroq «VChK-OGPU» telegram-kanali Yuriy Kuznetsov «uyda ushlangani», kelgan xavfsizlik kuchlari esa «qasddan qattiq harakat qilishgani» va «bosh harbiy kadrchining Istra rayonidagi uyida lomlar bilan darvoza va derazalarni sindirib tashlashgani» haqida xabar tarqatgandi.

TASS agentligining huquq-tartibot organlaridagi manbasi ma’lum qilishicha, Kuznetsovni «generalga qarshi ko‘rsatma bergan ish doirasidagi ikkinchi figurantni so‘roq qilishdan keyin» ushlashgan. JK 290-modda, 6-qismi bo‘yicha Kuznetsovga 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid qilmoqda.

Oliy harbiy rahbariyatda o‘zgarishlar

12 may kuni Vladimir Putin Sergey Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqarib, uni RF Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga tayinladi. Shoygu vazirlikni qariyb 12 yil mobaynida — 2012 yil noyabridan 2024 yil mayiga qadar boshqargandi. Harbiy idora rahbarligi uchun esa bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Andrey Belousovning nomzodi ilgari surilgan.

Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosarining hibsga olinishi 

Avvalroq, 24 aprel kuni Moskvadagi Basmanniy sudi bir kun avval qo‘lga olingan Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanovni o‘ta yirik miqdorda pora olganlikda ayblab, 23 iyunga qadar tergov izolyatoriga jo‘natdi. Xuddi shu kuni Ivanov lavozimidan chetlatildi. Bir kundan keyin sud Ivanov va uning qarindoshlarining ko‘chmas mulki, aktivlari va bank hisobraqamlarini xatlovga oldi. 

Ko‘proq yangiliklar: