Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 may, seshanba kuni o‘z farmoni bilan mamlakat hukumatining yangi tarkibi va federal xizmatlar direktorlarini tayinladi. Bosh vazir Mixail Mishustin prezidentlik saylovlaridan keyin o‘z lavozimini saqlab qoldi. Ilgari Davlat dumasi tomonidan tasdiqlangan yangi vazirlar mahkamasining 15 a’zosidan 10 nafari avval ham shu lavozimlarni egallagan.
Moliya vazirligi rahbari Anton Siluanov, iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Irek Fayzulin, raqamli rivojlanish vaziri Maqsut Shadayev, sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko, fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov, madaniyat vaziri Olga Lyubimova, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov, tabiiy resurslar vaziri Aleksandr Kozlov, shuningdek, Uzoq Sharq va Arktikani rivojlantirish vaziri Aleksey Chekunkov o‘z portfellarini saqlab qoldi.
Yangi tayinlanganlar - Rossiya Federatsiyasi Energetika vazirligi rahbari Sergey Tsivilev (sobiq Kemerovo viloyati gubernatori), Transport vazirligi rahbari Roman Starovoyt (sobiq Kursk viloyati gubernatori), sanoat vaziri va savdo Anton Alixanov (hozirgacha Kaliningrad viloyati rahbari), sport vaziri Mixail Degtyarev (sobiq Xabarovsk o‘lkasi gubernatori) va qishloq xo‘jaligi vaziri Oksana Lut (sobiq vazirning birinchi o‘rinbosari).
Sergey Shoygudan keyin Mudofaa vazirligini iqtisodchi Andrey Belousov boshqaradi
Mudofaa vaziri etib avvalgi hukumatda Mishustinning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan iqtisodchi Andrey Belousov tayinlangan edi. Putin o‘z farmoni bilan Mudofaa vazirligining sobiq rahbari Sergey Shoyguni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga tayinladi va Nikolay Patrushevni bu lavozimdan ozod qildi.
Belousov 14 may kuni Federatsiya kengashida nutq so‘zlab, u yerda Shoygu tufayli Rossiya «o‘z maqsadlariga muvaffaqiyatli erishadigan zamonaviy qurolli kuchlar tizimini yaratganini» aytdi. Bundan tashqari, siyosatchi Rossiya Qurolli kuchlarini shakllantirishni idoraning ustuvor vazifalaridan biri deb atadi va «gap safarbarlik haqida, qandaydir favqulodda choralar haqida ketmayapti», deya ta’kidladi.
Putin do‘stining o‘g‘li Hisob palatasi rahbari bo‘ldi
Shu kuni Federatsiya kengashi – Rossiya parlamenti yuqori palatasi Vladimir Putin do‘sti Yuriy Kovalchukning o‘g‘li Boris Kovalchukni Hisob palatasi yangi rahbari etib tasdiqladi. Shu yilning mart oyida u Rossiya prezidenti ma’muriyati nazorat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan edi.
Hisob palatasi rahbari lavozimiga boshqa nomzodlar Kaluga viloyatidan senator Anatoliy Artamonov va Hisob palatasi rahbari vazifasini bajaruvchi Galina Izotova edi. 2022 yilning noyabrigacha Rossiya Federatsiyasi Hisob palatasini Aleksey Kudrin boshqargan.