O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibining o‘rinbosari, "BMT-ayollar" tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
BMT delegatsiyasi shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo xotin-qizlar forumi doirasida mamlakatda bo‘lib turibdi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining gender tenglik masalalari bo‘yicha yetakchi instituti rahbari prezidentga bosh kotib Antoniu Guterrishning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekistonda xotin-qizlarning mavqeyini tubdan yaxshilash va jamiyatdagi maqomini oshirishga qaratilgan samarali islohotlarga yuksak baho berildi. Uchrashuvda mamlakatning "BMT-ayollar" tuzilmasi bilan konstruktiv hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Osiyo xotin-qizlari forumining samarali yakunlari yuqori baholandi. Ushbu forumni Osiyo mintaqasida ayollar huquqlarini kengaytirish masalalari bo‘yicha doimiy muloqot platformasiga aylantirish muhimligi ta’kidlandi. O‘zaro hamkorlik bo‘yicha, shu jumladan mintaqaviy darajadagi aniq loyiha va dasturlarni o‘z ichiga olgan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturni qabul qilish zarurligi qayd etildi.
"BMT-ayollar" tuzilmasining mamlakatda vakolatxonasini ochish masalasi qo‘llab-quvvatlandi.