Halle okrug sudi Tyuringiya yeridagi o‘ng qanot populist «Germaniya uchun muqobil» (GuM) fraksiyasi rahbari Byorn Xyokkeni «sobiq milliy sotsialistik tashkilotning ramzlaridan foydalangani» uchun 13 ming yevro jarimaga tortdi. Nemis axborot agentliklari 14 may, seshanba kuni xabar berishlaricha, hukm hali yakuniy emas, himoya uning ustida apellyatsiya berishi mumkin.
Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil may oyida Merzeburg shahrida (Saksoniya-Anxalt federal yeri) chiqish qilgan Xyokke bir vaqtlar «Bo‘ron otryadlari» (SA) a’zolari tomonidan qo‘llangan «Hammasi Germaniya uchun» shiorini ishlatgan. Otryadlar Hitler Milliy-sotsialistik nemis ishchilar partiyasining harbiy tashkiloti sanalgan. Siyosatchi advokatining ta’kidlashicha, Merzeburgdagi nutqda natsistlar davriga ishora tasodifan yuz bergan. Biroq sud, kasbi tarix o‘qituvchisi bo‘lgan Xyokke shiorning tarixi va Germaniyada taqiqlangani haqida bilmaganiga ishonmadi.
Bundan tashqari, 2023 yil 12 dekabr kuni Gera shahridagi saylovchilar oldida nutq so‘zlab, u yana o‘sha SA shiorini keltirdi. Xyokkening aytishicha, u 2021 yilda jinoyat uchun sudga tortilishi kerak. «Chunki men bir paytlar saylovoldi tashviqotimni «Hammasi vatanimiz uchun! Hammasi Saksoniya - Anxalt uchun! Hammasi...» degan ritorik triada bilan yakunlaganman. Siyosatchi imo-ishora qilib, yig‘ilganlarni shiorni tugatishga chaqirdi va ular bunga javoban qarsak chalib: «... Germaniya!» deb hayqirishdi.
Halle sudida ushbu ikkinchi voqea bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Xyokkening o‘zi ikkala holatda ham aybdorligini rad etadi.
Germaniyadagi eng radikal siyosatchilardan biri
Byorn Xyokke Berlinda natsistlar tomonidan o‘ldirilgan olti million yevropalik yahudiylar xotirasiga bag‘ishlangan Xolokost yodgorligini tanqid qilib, uni «sharmandalik yodgorligi» deb ataydi. 2016 yilda GuM mitingida Xyokke qonunni qayta-qayta buzgani uchun uzoq muddat qamoq jazosini o‘tayotgan, Xolokostni inkor etuvchi Ursula Xaverbekka hamdardlik bildirdi.
2017 yilda Byorn Xyokke GuM yoshlar tashkiloti «Yosh muqobil» a’zolariga murojaatida nemislarning natsistlar diktaturasi davrini qanday baholashi va qayta ko‘rib chiqishlari haqida tanqidiy fikr bildirdi. Siyosatchi mavjud yondashuvni «omon qolishning ahmoqona strategiyasi» deb atadi va shunday talab qildi: «Bizga xotira siyosatida 180 daraja burilish kerak». Agar natsistlar davriga oid hozirgi xotira siyosati sodir bo‘lgan voqealarni tanqidiy idrok etish va uni takrorlashdan ogohlantirishga asoslangan bo‘lsa, Xyokke teskari yondashuvni - o‘tmishni har qanday shaklda ijobiy baholashni xohlaydi.
Xyokke bu boradagi fikrlarini 2018 yilda kitob sifatida chop etilgan «To‘plangan suhbatlar»da bayon qildi. Unda u «Hitler mutlaq yovuz sifatida tasvirlangan» degan fikr noto‘g‘riligini aytadi hamda hamma narsa «oq-qora» emasligini ta’kidlaydi. «To‘plangan suhbatlar»da bir qator parchalar shu qadar radikalki, 2019 yil sentabr oyida Mayningen ma’muriy sudi «Xyokke - fashist» degan bayonot asossiz emas, balki tekshirilishi mumkin bo‘lgan dalillarga asoslangan deb qaror qildi.
Tyuringiyadagi saylovlar
Amaldagi hukm Byorn Xyokkening sentabr oyida bo‘lib o‘tadigan Tyuringiya parlamenti saylovlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmaydi. Ushbu federal yerda «Germaniya uchun muqobil» partiyasi yuqori reytingga ega: so‘rovlarga ko‘ra, o‘tgan yil oxirida bu yerdagi saylovchilarning 30 foizdan ortig‘i GuM uchun ovoz berishga tayyor edi. Xyokkening o‘zi Tyuringiya bosh vaziri bo‘lish niyatini yashirmayapti.
Shu bilan birga, Germaniya Konstitutsiyasini himoya qilish federal idorasi GuMning Tyuringiya va qo‘shni Saksoniyadagi bo‘limlarini «oqilona o‘ng ekstremistik» tashkilotlar deb hisoblaydi.