15 may kuni Shavkat Mirziyoyev qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari – Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkovni qabul qildi.
O‘zbekistonning BMT institutlari va tuzilmalari bilan, eng avvalo, terrorizm va boshqa transmilliy xatar va tahdidlarga qarshi kurash sohasidagi amaliy hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Vladimir Voronkov Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish tashabbusi amalga oshirilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu noyob mexanizmning birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli yakunlangani ta’kidlandi.
BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekistonning mojarolar hududlaridan fuqarolarni qaytarish, ularni reabilitatsiya qilish va jamiyatga qayta integratsiya qilish, jumladan, bunda mahalla institutining keng imkoniyatlari va salohiyatidan foydalanish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
O‘zbekiston va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan yangilangan «yo‘l xaritasi» imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yoshlarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining buzg‘unchi ta’siridan himoya qilish, kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirish va BMT institutlarida yosh mutaxassislar uchun stajirovkalar tashkil etishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘oniston masalasi yuzasidan fikr almashildi. Bu mamlakatdagi vaziyatga xalqaro e’tiborni kuchaytirish, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.