15 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

O‘zbekiston 22:14 / 15.05.2024 6094

Samarqandda uy quladi

Past Darg‘om tumani markazi Juma shahrida qo‘shnisining uyiga taqab kotlovan qazilganidan so‘ng turar joy qulab tushgan. Voqea 14 may kuni “Samaqand” mahalla fuqarolar yig‘inida sodir bo‘lgan.

Savdo majmuasi sifatida qurilayotgan binoning poydevor qismi uchun kotlovan kovlash davomida, qurilish qoidalariga amal qilinmagani bois unga yondosh hududda joylashgan fuqaroning yashash uyining bir qismi qulab tushgan.

Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi voqea natijasida jarohat olganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Holat yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilinmoqda. 

Tajovuzkor ayiq otildi

Surxondaryo viloyatida qishloqqa tog‘dan tushib kelgan ayiq otib o‘ldirildi. Voqea 15 may kuni Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” mahallasi hududida ro‘y bergan.

Ayiq ko‘cha kezib, odamlarga tashlangan, tajovuzkor harakatlar qilgan. Ayiqni zararsizlantirish jarayonida u ichki ishlar xodimlaridan biriga tashlanib, jarohat yetkazgan.

So‘ngra u 74-maktab hududiga kirgan. Yirtqich maktab o‘quvchilari hayotiga xavf tug‘dirgani sababli tezkor chora ko‘rish talab qilingan va u otib o‘ldirilgan. Jarohat olgan IIB xodimi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Bunday voqealar avval ham kuzatilgan. Jumladan Jizzaxdagi Chakan qishlog‘iga va Qashqadaryodagi Dehqonobod tumaniga ham tog‘dan ayiq tushib kelgan edi. 

Go‘rkovni tuproq bosib qoldi

Andijonda qabr qazayotgan go‘rkovni tuproq bosib qoldi. Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan qutqaruvchilar fuqaroni tuproq ostidan olib chiqib, hayotini saqlab qolishgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda.

Voqea Xonobod shahrida ro‘y bergan. Xonobod shahar Markaziy qabristonida fuqaroni qabr qazish vaqtida tuproq bosib qolgani to‘g‘risida murojaat favqulodda vaziyatlar bo‘limiga kelib tushgan.

Qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borishgan va maxsus asbob-anjomlar yordamida qutqaruv ishlari amalga oshirilgan. Tezkor harakatlar natijasida fuqaro tuproq ostidan olib chiqilib, birinchi yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga yuborilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazoratida ekani ta’kidlangan. 

O‘zbekistonliklar ko‘p sayohat qilayotgan mamlakatlar

O‘zbekistonliklar turistik maqsadda ko‘p qaysi davlatlarga ko‘proq chiqmoqda? Albatta, qo‘shni davlatlar bu borada birinchi.

2024 yilning dastlabki choragida qariyb 1,3 mln nafar o‘zbekistonliklar turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Statistika agentligiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga oshgan.

O‘zbekistonliklar turistik maqsadlarda eng ko‘p safar qilgan davlatlar reytingida Qirg‘iziston birinchi o‘rinni egallab turibdi — 559,1 ming nafar. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya turibdi. 

Jurnalistlarga «Oltin qalam» topshirildi

Aslida 3 may kuni topshirilishi lozim bo‘lgan va biroz kechiktirilgan jurnalistlar o‘rtasidagi «Oltin qalam» milliy mukofoti g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi 18-bor kecha bo‘lib o‘tdi.

Turli yo‘nalishlar va nominatsiyalarda g‘olib bo‘lgan jurnalistlarga diplom va pul mukofotlari topshirildi.

Jumladan, «Kun.uz» veb-sayti jurnalisti Shuhrat Shokirjonov tanlovning internet nashrlari yo‘nalishi bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.

«Oltin qalam» XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning Bosh mukofoti g‘olibi — «UzReport TV» telekanali jamoasi bo‘ldi. Telekanal tahririyatiga prezident sovg‘asi — Tracker avtomobili topshirildi. 

Avtobozorda sotuvlar kamaydi

Aprel oyida avtomobillar savdosining pasayish sur’ati tezlashgan. Biroq, elektr transport vositalari segmentida yuqori natijalar qayd etildi, bu yerda biroz turg‘unlikdan keyin bozor yana o‘sishni boshlagan. Poytaxt Toshkent shahri ushbu segmentda yetakchiga aylandi.

Aprel oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakatda avtotransport vositalarining umumiy savdosi 19 foizga kamayib, 88,3 mingta avtomobilni tashkil etgan. Xorijiy yengil avtomobillar bozori 15,3 foizga kamaygan. Yengil avtomobillar ikkilamchi bozori 21,2 foizga qisqargan.

Aprel oyida 78,5 mingta yengil avtomobil sotilgan. Bu mart oyiga nisbatan 18,6 foizga kam. Pasayish respublikaning barcha hududlarida kuzatilgan. Yillik o‘lchovda yengil avtomobil bozori 35,3 foizga kamaygan.

Kamayish sabablari avtokreditlarni qisqartirish va ularni berish qoidalarining murakkablashishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Shuningdek, avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda narxlarning oshirilgani ham statistik pasayishga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni xaridorlar sotib olgan avtosini o‘z nomiga rasmiylashtirmasdan, ishonchnoma orqali boshqarishga o‘tgan.

Sel xavfidan ogohlantirish

O‘zbekiston hududlarida 16–22 may kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli yomg‘ir kuzatiladi, momaqaldiroq bo‘ladi. Ba’zi joylarda shamol tezligi soniyasiga 15-20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

“O‘zgidromet” kuchli yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: