Ukrainada urushning 810-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Putin RF xavfsizlik kengashining yangi tarkibida ilk yig‘ilishni o‘tkazdi. Sergey Shoygu unda kotib sifatida ishtirok etdi.
- Daniya bosh vaziri F-16 qiruvchilari ukrain harbiylari ixtiyoriga yaqin bir oy ichida kelib tushishini ma’lum qildi.
- Ukraina QK bosh shtabi Rossiya Xarkiv yo‘nalishida taktik yutuqlarga erishgani, Vovchansk uchun janglar ketayotgani haqida xabar qildi.
- Ukraina xavfsizlik xizmati Kiyevda 9 may kuni terakt uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rishda gumonlanayotgan «GRU agentlari» qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi.
- Belgorod o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillaridan yana yetti kishi yaralandi.
- Rossiya FXX «Yandeks»ning sobiq xodimi «davlatga xiyonat»da gumonlanib ushlanganini ma’lum qildi. Uni Ukraina qurolli kuchlariga mablag‘ o‘tkazib berishda gumonlashmoqda.
- The Wall Street Journal nashri aniqlashicha, ukrainlarning havo hujumidan mudofaa kuchlari raketalarning faqat 30 foizini urib tushirmoqda. Ularning samaradorligi keskin tushib ketgan.
Kun kadri. Volchanskdan evakuatsiya
Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastida yurish qilishda davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 13 may tongida Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti shimolidagi Vovchansk shahri uchun janglarda «taktik yutuqlarga erishgani» haqida ma’lum qilgandi, ammo shu kuni kechga kelib ukrain harbiylari RF qurolli kuchlarini chekintirgani va shaharning shimoliy chekkalarida «tozalash ishlari olib borilayotgani»ni ma’lum qildi.14 may tongidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yurish tufayli Xarkiv oblastida 7000 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingan, jumladan Vovchansk shahri joylashgan Chuhiyiv rayonini 2000 kishi tark etgan.
Vovchansk aholisi evakuatsiya qilinishiga guvoh bo‘lgan ukrainalik jurnalistlar odamlar to‘xtovsiz davom etayotgan zarbalar ostida olib chiqilayotganini aytishgan. «Katta ehtimol bilan, bizning uydan yarim kilometr narida avtomatlar orqali janglar ketmoqda. Qandaydir harbiy buyruqlar baqirib aytilayotgani eshitiladi, to‘xtovsiz o‘q uziladi. Tun-u kun snaryadlar uchadi», — degan 24 kanaliga mahalliy aholi vakillaridan biri Konstantin.
Mudofaani yorib o‘tganida rossiyalik harbiylar turar joylar bo‘ylab o‘t ochishadi. «Nega? Men kimga yomonlik qildim? Men shunchaki uyda o‘tirgandim va eshiklarga qarata o‘t ochishdi», — degan jurnalistlarga jabrlanuvchilardan biri Ruslan.
Maryinka yaqinida ukrainlarning «Grad» tizimi
RF qo‘shini nafaqat Xarkiv oblastida, balki Donetsk oblastida ham yurish qilishga intilmoqda. Bu hududda ukrain jangchilari RF qo‘shini yanvar oyida bir necha oylik janglardan keyin egallab olgan Maryinka shahri yaqinida pozitsiyalarni ushlab turibdi. Frontning bu uchastkasida jang qilayotganlar orasida sovetlar davrida ishlab chiqarilgan «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan foydalanayotgan ukrain artilleriyachilari ham bor. «2-3 daqiqa ichida diqqatni jamlash va tayyor turish lozim: yo‘lga chiqamiz, kelamiz va yo‘q qilamiz», — degan Current Time uchun intervyuda ukrainalik harbiylardan biri «Grad» tizimi ishlashi haqida.
Rossiya armiyasining Donetsk atrofidagi vertolyotlari
10 yil muqaddam rossiyaparast ayirmachilar Ukrainaning Donetsk va Luhansk oblastlarining o‘z nazorati ostidagi qismlarida «DXR va LXR taqdirini o‘zi belgilash bo‘yicha referendumlar» o‘tkazgandi. O‘sha vaqtda Ukrainaning aholi soni bo‘yicha beshinchi eng yirik shahri bo‘lgan Donetsk DXR nazoratiga o‘tgandi.
Belgorodda qulagan uy oldida stixiyali memorial
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon muntazam ravishda o‘qqa tutib kelinayotgan Belgorod shahrida 12 may kuni Shchorsa ko‘chasidagi o‘n qavatli uylardan birining pod’yezdi qulab tushdi. Rossiya mudofaa vazirligi uy ukrainlarning shahar ustida urib tushirilgan «Tochka-U» raketasi parchalari tushishi oqibatida vayron bo‘lganini ma’lum qilgan. Ukraina hukumati Belgoroddagi hodisa yuzasidan rasman munosabat bildirmagan, ijtimoiy tarmoqlard va telegram-kanallarda, portlash uy yerto‘lasida ro‘y bergani yoki bino ustiga rossiyaliklar aviabombasi tushib ketgani haqida versiyalar tarqalgan. Voqea joyida asosiy qidiruv-qutqaruv ishlari 13 may tongida yakunlandi. Belgorod oblasti rasmiylari dastlab 15 kishi halok bo‘lganini xabar qilgandi, ammo 14 mayga kelib xarobalar ostida yana ikki kishi jasadi topilgani ma’lum bo‘ldi.