Politico: Xarkiv uchun jang urush natijasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi

Jahon 14:59 / 14.05.2024 5949

Amerikaning Politico nashriga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Xarkiv viloyatidagi hujumi urush natijasi uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi jangning boshlanishidir. O‘rtaga nafaqat Kiyevning Ukraina ikkinchi yirik shahri ustidan nazoratini davom ettirishi, balki G‘arbning Ukrainani Rossiyadan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qat’iyati ham tikilgan, deb yozadi 13 may, dushanba kuni gazeta. 

Politico’ning qayd etishicha, may-iyun oylarida Rossiyaning uzoq kutilgan Ukraina mudofaasini yorib o‘tishga urinishi allaqachon boshlangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, aftidan, G‘arbning yangi qurollari va o‘q-dorilari Ukrainaga kelguniga qadar imkoniyat oynasidan unumli foydalanmoqchi, deya davom etadi u.

Rossiya muvaffaqiyati Kiyevga RF bilan muzokaralarni boshlash uchun bosim o‘tkazishi mumkin 

Jurnalistlar fikricha, Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv yo‘nalishidagi sezilarli muvaffaqiyatlari Kiyevni Moskva bilan muzokara olib borishga majburlash maqsadida Yevropa ayrim doiralari tomonidan bosim o‘tkazishga yangi urinishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, ular katta armiyaga ega va katta yo‘qotishlarni qabul qilishga tayyor bo‘lgan Rossiya tomonidan yangi hujum sodir bo‘lgan taqdirda front chizig‘i qulashini istisno qilmagan bir qancha yuqori martabali ukrainalik zobitlar fikrlariga tayangan. Aprel oyida Politico bilan suhbatda ular bunday o‘zgarishlar Ukraina qat’iyatini zaiflashtirishi va Ukraina Qurolli kuchlaridagi ruhiy holatni buzishi mumkinligidan xavotir bildirishgan. 

Shu munosabat bilan, Putinning hisob-kitobi o‘zini oqlaydi va Rossiyaning yangi hujumi nafaqat Ukraina qarshiligini bostirishi, balki G‘arbning Kiyevga qo‘llab-quvvatlanishini ham kamaytiradi, degan xavotirlar bor, deb yozadi nashr. 

Rossiyaning Xarkiv yo‘nalishi bo‘yicha hujumi 

May oyi boshida Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining Xarkiv viloyati chegarasida harakatlari kuchayishi munosabati bilan Ukraina Qurolli kuchlari zaxira bo‘linmalari front ushbu qismiga yuborilgani haqida xabar bergan edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Kiyevdagi matbuot anjumanida rossiyaliklar «yangi hujum to‘lqinini» boshlaganini ma’lum qildi. 

So‘nggi kunlarda Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining «Sever» guruhi bo‘linmalari Xarkiv viloyati Rossiya bilan chegaradosh bir necha aholi punktlarini egallab olgani haqida xabar berdi. Ular orasida Volchansk shimolidagi Pletenevka va Gatishche, shuningdek, Borisovka, Ogursovo, Pilnaya va Strelechya bor. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Xarkiv yo‘nalishida chegaradagi Vovchansk shahri uchun olib borilgan janglarda taktik muvaffaqiyatga erishgan. «Dushman shaharga hujum qilish uchun beshtagacha batalondan iborat ko‘p sonli kuchlarni joylashtirdi va yo‘qotishlarni hisobga olmayapti», — deya ma’lum qildi Ukraina Bosh shtabi.

Reuters agentligi 10 may kuni Ukrainaning yuqori martabali harbiy amaldoriga tayanib, Rossiya armiyasi Vovchansk hududida taxminan 1 km ilgarilab ketgani va Rossiya Qurolli kuchlarining maqsadi dushmanni 10 km orqaga surib tashlash ekanini yozgan. 

Ko‘proq yangiliklar: