Fyuri va Usik og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvoni uchun «Asr jangi»ni o‘tkazadi

Sport 20:34 / 14.05.2024 8122

18 may, shanba kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida boks bo‘yicha dunyodagi eng kutilgan jang – WBC kamari sohibi britaniyalik Tayson Fyuri va WBA, IBF, WBO yo‘nalishlari chempioni, ukrainalik Oleksandr Usik o‘rtasida og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvoni uchun jang bo‘lib o‘tadi. 

Tarixda hech qachon birdaniga to‘rtta jahon chempioni kamari uchun jang o‘tkazilmagan. WBO kamari to‘liq maqomga 2006 yilda erishgan. Bundan oldin mutlaq chempion bo‘lish uchun uchta kamar yetarli edi. 

Bunday unvonga ega bo‘lgan so‘nggi og‘ir vazn bokschisi britaniyalik Lennoks Lyuis edi. U 1999 yilning noyabridan 2000 yilning apreligacha mutlaq chempion hisoblangan. Ammo majburiy raqibi Jon Ruizga qarshi jang qilishdan bosh tortgani uchun WBA unvonidan mahrum qilindi. 

35 yoshli britaniyalik Fyuri WBC chempioni, 36 yoshli ukrainalik Usik esa WBA, WBO va IBF unvonlari sohibi hisoblanadi. G‘olib to‘rtta belbog‘ davrida og‘ir vazndagi birinchi mutloq chempionga aylanadi. 

2008 yilda professional bo‘lganidan beri Fyuri 33 ta jangda g‘alaba qozongan va bittasida durang qayd etgan, biror marta yutqazmagan. Usik professional ringdagi 21 ta jangining barchasida g‘alaba qozongan. 

Taniqli boks sharhlovchisi Saymon Jordan so‘zlariga ko‘ra, Fyuri ushbu jangda 115 million dollar ishlab oladi, Usikning hamyoni esa 60 million dollarga to‘ladi. 

Biroq, The Story Insider nashrining yozishicha, kelishuv boshqacha xarakterga ega. Britaniyalik va ukrainalik uchun kafolatlangan to‘lovlar «kamtarona» 20 million dollar va 8 million dollarni tashkil qiladi. Ammo ular translatsiya savdosidan asosiy daromad oladi: 65 foizi Fyuriga, 35 foizi Usikka. Agar 1 million translatsiya sotilsa, Tayson 80 million dollar, Oleksandr esa 47 million dollar ishlab oladi. Tashkilotchilar esa jang uchun kamida 1,3 million translatsiya sotilishini kutmoqda. 

Shunga qaramay, Fyuri va Usik bitta jang uchun maksimal gonorar olgan rekordchiga aylanmaydi. 2015 yilda Floyd Meyvezer va Menni Pakyao o‘rtasidagi tarixiy jang ikkalasiga 500 million dollar olib keldi, shundan 300 million dollarga yaqini amerikalik hisobiga tushdi. Albatta, bunda barcha homiylik shartnomalari, sotilgan translatsiyalar va boshqa kelishuvlar hisobga olinadi. 

Faqat durang natija barcha kartalarni chalkashtirib yuborishi mumkin, ammo hakamning bunday hukmi ikkala bokschi uchun ham foydali. Ular yangi qarama-qarshilik va yangi rekord millionlarga e’tiroz bildirishi dargumon. Gonorarlarning bir foizini oladigan WBA, WBC, IBF va WBO ham durangni qo‘llab-quvvatlashi va yangi jangni belgilashi mumkin. 

«Asr jangi» deb aytilayotgan tarixiy bahs 2023 yil dekabr oyida bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Ammo Fyurining promouterlari oktyabr oyida fransiyalik Frensis Ngannu bilan bo‘lib o‘tgan jangdan so‘ng tiklanish va tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt kerakligini aytishdi. Keyinchalik jang fevralga ko‘chirildi, so‘ngra yana qoldirildi.

Ko‘proq yangiliklar: