Yig‘ilishda qayd qilinishicha, IT xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi, mutaxassislarning 80 foizi shu yerda yashaydi.
Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, bunday maskanlar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi. Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar bo‘yicha bepul o‘qitiladi.
Prezident shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda bo‘lishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini ta’kidladi.
«Shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu – malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yo‘lda yoshlarga qanot bo‘ladigan, zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan tizim bo‘lishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.
IT ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovini IT-park orqali o‘tkazish taklif etilmoqda.
Davlat rahbari bu tanlovda ham, xuddi «President Tech Award» kabi, nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo‘yicha ham axborot berildi. Bu onlayn platforma orqali iste’molchilar 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Unda 14 tadan ortiq idoralar ma’lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati paydo bo‘ladi.