10 may kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi davomida vazir o‘rinbosari X.Meliyev va Koreya Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Xong Sik Chung o‘rtasida ikki tomonlama muzokara bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning dastlabki qismida o‘zbek tomoni Koreya Adliya vazirligi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muzokarada Koreya tomoni O‘zbekiston bilan arbitraj, xalqaro huquqiy yordam, yuristlar malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamda O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlarda, jumladan, bu boradagi qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘z o‘rnida o‘zbek delegatsiyasi yuqorida qayd etilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga qulay shart-sharoitlarni yaratish masalalari ham muhokama etildi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida, 2017 yilda ikki vazirlik o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumida belgilangan tadbirlarni jadallashtirish maqsadida Hamkorlik dasturi loyihasi muhokama qilindi.
Muzokara uchrashuv do‘stona va konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tdi.