Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Andijon shahri elektr tarmoqlari korxonasi “Bobur” bo‘limi energiya sotish guruhi muhandisi X.K. M.F. MChJning 20 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga ETK “Bobur” bo‘limi binosi oldida MChJ rahbaridan 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda, Sharof Rashidov tuman gaz ta’minoti bo‘limi mahallada ishlash xizmati gazchisi M.Sh. Nurli yo‘l ko‘chasida yashovchi B.Q.ga xonadonidagi gaz hisoblash uskunasidan abonent raqamisiz foydalanilganligi holati bo‘yicha 17,5 mln so‘m qarzdorlik hisoblanishini aytib, ushbu qarzdorlikni yo‘q qilib berishi evaziga 2 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) va 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.