Joriy yil 6 may kuni Dubaydan Dehliga uchib kelgan ikki nafar o‘zbekistonlik fuqaro tilla quymalarini Hindiston hududiga noqonuniy yo‘l bilan olib kirishga urinayotganda qo‘lga olingan.
"Dunyo" xabariga ko‘ra, hozir ularga nisbatan surishtiruv ishlari o‘tkazilmoqda.
Mamlakatning Dehlidagi elchixonasi tomonidan fuqarolar bilan bog‘liq surishtiruv jarayoni nazoratga olingan va Hindistonning mas’ul huquq-tartibot idoralari bilan ishchi aloqalar o‘rnatilgan. Shuningdek, vaqtincha hibsga olingan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
Diplomatik missiya vatandoshlardan xorijga, jumladan, Hindistonga safar qilish chog‘ida chet davlatlar qonunchiligi talablariga qat’iy rioya qilishga, turli shubhali guruhlar yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslikka, samolyotga chiqish oldidan begona kishilardan yuk yoki buyumlar olmaslikka chaqiradi.
Hindistonda turli kutilmagan noxush hollarga tushib qolgan fuqarolar tezkor va samarali konsullik-huquqiy yordam olish uchun elchixona konsullik bo‘limiga quyidagi aloqa vositalari orqali murojaat qilishi mumkin: telefon: +91 11 2467 0774/75, elektron manzil: in.uzembassy@mfa.uz va info.uzbekembassy@gmail.com, Telegram-bot: @consuluzbindia_bot.