Germaniya Ukrainaga Rossiya hujumlaridan jiddiy zarar ko‘rgan elektr tarmog‘ini tiklash va mustahkamlashda yordam beradi. Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligining 9 may, payshanba kuni xabar berishicha, tegishli kelishuv boshqarma boshlig‘i Svenya Shulsening Kiyevga tashrifi chog‘ida imzolangan. «Ukraina faqat elektr tarmog‘i ishlayotgan taqdirdagina urushdan omon qolishi va tiklanishi mumkin», dedi vazir. Uning ta’kidlashicha, shu sababli Rossiya so‘nggi haftalarda Ukrainaning energiya infratuzilmasini ataylab bombardimon qilgan.
Berlin va Kiyev o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik doirasida Germaniyaning KfW davlat taraqqiyot banki Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligi nomidan «Ukrenergo» milliy energiya tizimi operatori bilan 45 million yevrolik grant shartnomasini imzoladi. Mablag‘lar elektr tarmoqlari infratuzilmasining shikastlangan joylarini ta’mirlash, shuningdek, elektr tarmoqlari xavfsizligi va samaradorligini oshirish hamda ularning hujumga chidamliligini oshirishga yo‘naltiriladi. Hamkorlikning yana bir maqsadi Ukraina elektr tarmoqlarini Yevropaga ulash imkoniyatiga erishishdir.
Ukrainani tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiyani tayyorlash
Svenya Shulse Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va energetika vaziri German Galushchenko bilan uchrashdi. Muzokaralar Ukrainada qayta qurish uchun malakali kadrlar tayyorlash va mahalliy hokimiyat organlarini kuchaytirishda Germaniya va xalqaro yordam masalasida bo‘ldi.
Germaniya vazirining tashrifidan yana bir muhim maqsad 11-12 iyun kunlari Berlinda Ukrainani tiklash bo‘yicha yirik konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rishdir. Boshqa narsalar qatorida, Ukrainada kichik va o‘rta korxonalarni qanday qo‘llab-quvvatlash va bu mamlakatni tiklash uchun mutaxassislarni topish muhokama qilinadi.
Anjumanda 1500 ga yaqin vakil, jumladan, davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan, Shulse Kiyevdagi «shaharlar va viloyatlar sammiti»da ishtirok etyapti.
Nemis vaziri ukrainalik sherigining ishdan bo‘shatilganidan afsusda
Shu bilan birga, Ukraina poytaxtiga yetib kelgan Svenya Shulse kutilmagan yangilikka to‘qnash keldi: bundan oldin Oliy rada mamlakatni tiklash uchun mas’ul bo‘lgan Ukraina bosh vazirining o‘rinbosari Aleksandr Kubrakovni lavozimidan chetlatdi. U Germaniya vaziri bilan birgalikda Berlin konferensiyasini tayyorlashi kerak edi.
Shulse jamoatlar, hududlar va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Kubrakovning ishdan bo‘shatilishini shaxsan o‘zi uchun «juda qayg‘uli» yangilik deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Aleksandr Kubrakov korrupsiyaga qarshi astoydil kurashgan va bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishgan. «U bilan birga biz ko‘plab loyihalarni ilgari surayotgandik», dedi u.