Armaniston va Rossiya bir qator viloyatlardan harbiylarni olib chiqib ketish bo‘yicha kelishib oldi

Jahon 09:45 / 10.05.2024 3842

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida 8 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida rossiyalik harbiylar va chegarachilarni Armanistonning bir qancha viloyatlaridan olib chiqib ketishga kelishib olindi. Armaniston parlamenti deputati Ayk Konjoryan tomonidan tarqatilgan bu ma’lumotni 9 may, payshanba kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tasdiqladi, deya xabar beradi Rossiya axborot agentliklari.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, «arman tomonining iltimosiga ko‘ra» rossiyalik chegarachilar Armanistonning Turkiya va Eron bilan chegarasi uchastkalarida qoladi. 

Peskovning tushuntirishicha, Putin bilan uchrashuvda Pashinyan o‘zgargan shartlar tufayli Tog‘li Qorabog‘dagi urushdan keyin 2020 yil kuzida u yerda qolgan Rossiya harbiylari va chegarachilarni Armanistonda joylashtirishga ehtiyoj qolmaganini aytdi.

«Prezident Putin rozi bo‘ldi, harbiylarimiz va chegarachilarimizni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olindi», dedi Peskov. Chiqib ketish muddatlari e’lon qilinmagan. 

Avvalroq Armanistonda hukmron «Fuqarolik kelishuvi» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Ayk Konjoryan Pashinyan va Putin 2020 yildan keyin Armanistonning beshta hududi - Tavush, Syunik, Vayotsdzor, Gegarkunik va Araratda joylashgan barcha Rossiya chegara va harbiy nazorat punktlari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi.  

Bundan tashqari, Konjoryanning so‘zlariga ko‘ra, 1 avgustdan boshlab rossiyalik chegarachilarning Yerevan «Zvartnots» aeroportidagi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror tasdiqlangan. 

Armanistonda Rossiya harbiylarining joylashtirilishi 

Rossiya chegarachilari 1992 yildagi davlatlararo kelishuvga muvofiq Armanistonda joylashtirilgan edi. Ushbu hujjatga muvofiq, ular Armaniston-Turkiya va Armaniston-Eron chegaralarida, shuningdek, Yerevandagi «Zvartnots» xalqaro aeroportidagi alohida nazorat-o‘tkazish punktida xizmat qiladi. Armanistonda «FSB» chegara xizmati xodimlari ta’minoti har ikki davlat hukumatlari tomonidan amalga oshiriladi. 

2024 yil 17 aprelda Rossiya 2020 yilgi urush yakunlari bo‘yicha Boku nazoratiga o‘tgan Tog‘li Qorabog‘dan o‘z tinchlikparvar kuchlarini olib chiqishni boshlagani ma’lum bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, Armaniston va Ozarboyjon o‘zaro chegaraning bir qismi qanday o‘tishini birinchi marta kelishib oldi. Natijada Yerevan to‘rt qishloqni Ozarboyjon nazoratiga o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Tomonlar chegarani delimitatsiya qilishni davom ettirishga kelishib olgan.

Ko‘proq yangiliklar: