YeI Rossiya aktivlaridan keladigan daromaddan foydalanish rejasini kelishib oldi

Jahon 10:27 / 09.05.2024 3425

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainaga harbiy yordamni moliyalashtirish uchun ishlatishga qaror qilishda yana bir qadam tashladi. 8 may, chorshanba kuni YeI mamlakatlari elchilari Bryusseldagi yig‘ilishda bir necha hafta davom etgan maslahatlashuvlar yakunlariga ko‘ra, tegishli reja bo‘yicha kelishib oldi, deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqi kengashidagi Belgiya raisligi.

Rossiya aktivlaridan foizlar harbiy yordam va Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltiriladi

Xabarda aytilishicha, Rossiya Federatsiyasining bloklangan aktivlaridan daromad olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishilgan. Bu pul Rossiya harbiy hujumi nishoniga aylangan Ukrainani qayta tiklashni qo‘llab-quvvatlash hamda bu davlat mudofaasiga sarflanadi. Bundan tashqari, joriy yilning o‘zida bu miqdor 3 milliard yevrogacha yetishi mumkin.

Ushbu reja bo‘yicha muzokaralar, shu jumladan Avstriya va boshqa bir qator davlatlar qurol va o‘q-dorilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishda ishtirok etishdan bosh tortganligi sababli cho‘zildi. Bu davlatlar iltimosiga ko‘ra, Rossiya daromadining bir qismi boshqa turdagi yordamga yo‘naltirilishi haqida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi dpa.

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, YeI Rossiya Markaziy bankining umumiy qiymati 210 milliard yevroga yaqin aktivlarini muzlatib qo‘ygan. Belgiyada joylashgan Euroclear depozitariysi 2023 yilda bu puldan 4,4 milliard yevro foiz daromad olganini aytdi. 

Fon der Lyayyen va Borrel tashabbusi

2024 yil mart oyida Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen va Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Rossiya mablag‘laridan bilvosita foydalanishni taklif qildi. Ularning Yevropa Ittifoqi rejasiga ko‘ra, bunday daromadlar 90 foizi Yevropa tinchlik jamg‘armasi orqali Ukraina Qurolli kuchlari uchun qurol sotib olishga, qolgan 10 foizi esa Ukrainani qayta tiklashga yo‘naltiriladi. Agar bu sxema Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha davlatlar tomonidan ma’qullansa, Kiyev bu yil 2,5-3 milliard yevro olishi va har yili shunga o‘xshash miqdorni olishda davom etishi mumkin. 

Bryussel hozirda muzlatilgan aktivlarni musodara qilishni rejalashtirmayapti. Amerikaning Politico nashri yozishicha, Yevropa rasmiylarini bu fikrdan Xitoy, Saudiya Arabistoni va Indoneziya qaytarmoqda. Yaqinda Yevropa Ittifoqi 2022-2023 yillarda Rossiya aktivlarini investitsiya qilishdan olingan foydani Ukrainaga bermasligi ham ma’lum bo‘ldi - u Moskva bilan sud ishlarini to‘lash uchun YeIda qoladi. Politico ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon Euroclear’ga qarshi 90 dan ortiq da’vo arizasi bilan murojaat qilgan, ularda Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining muzlatilgan mablag‘larini qaytarishni so‘ragan. 

Ko‘proq yangiliklar: