Terrorizmning millati va dini yo‘q, Tojikiston unga qarshi kurashda ikki tomonlama standartlarga qarshi. Bu haqda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar chog‘ida ma’lum qildi, deb yozdi TASS.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar «savdo-iqtisodiy hamkorlik, gumanitar sohalarda yuksalib bormoqda».
«Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashga kelsak, siz bizning pozitsiyamizni 30 yildan ortiq vaqtdan beri bilasiz. Bizning pozitsiyamiz quyidagicha: biz terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda ikki tomonlama standartlarga qarshimiz. Terrorizmning millati ham, dini ham yo‘q», dedi Rahmon.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya va Tojikiston maxsus xizmatlari avval birgalikda yaxshi ishlagan, ammo «afsuski, Krokus Siti Xollda fojia yuz bergan». Rahmon Tojikiston 30 yildan ortiq vaqt davomida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashib kelayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu «global muammo».
«Tojiklar qadimiy tarix, madaniyat va sivilizatsiyaga ega xalqdir. Bo‘lib o‘tgan voqea, albatta, biz uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Bu esa xalqimizning qiyofasiga, tarixiga, madaniyatiga, urf-odatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Biz bu borada siz bilan yaqindan hamkorlik qilishda davom etamiz», deb xulosa qildi u.
22 mart kuni kechqurun Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zaliga terrorchilar bostirib kirib, odamlarni o‘qqa tutdi. Keyin zalga o‘t qo‘yildi. Oqibatda 144 kishi halok bo‘ldi, 500 nafardan ortig‘i jarohatlandi. Teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 12 kishi hibsga olindi, ularning deyarli barchasi Tojikiston fuqarolari.
Teraktdan keyin Rossiyada mehnat migrantlariga qarshi ommaviy reydlar boshlandi. 27 aprel kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi shoshilinch tavsiyanoma chiqarib, o‘z fuqarolariga Rossiyaga safar qilishdan «vaqtincha tiyilish»ni tavsiya qildi.