Abituriyentlarga avval test yechib, keyin yo‘nalish tanlash imkoniyati berilishining texnik tomoni bo‘yicha tartib hali e’lon qilinmadi. Kun.uz muxbiri mas’ullardan bu tartib qachon ishlab chiqilib, abituriyentlar uchun ochiqlanishini so‘radi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev bu tartibning tamoyili ishlab chiqilayotgani, tez orada e’lon qilinishini bildirdi.
“Qabul boshlanishiga bir yarim oy qoldi degan ozgina qo‘rquv bor. Hozir 8 may qabul parametrlari tasdiqlanishi ustida katta ishchi guruh bilan ishlayapmiz. Buni xudo xohlasa tezkor hal qilamiz. Ham qabul oldi, ham qabul vaqti yoshlar, ota-onalarga tushuntiradigan [qilib] mazmunli qisqa-qisqa roliklar qilinadi. Buni xalqqa sodda, tushunarli tilda tushuntirib beramiz, chunki har xil holat bo‘lyapti”, – dedi Daliyev.
Yangi tartibning qanday bo‘lishini Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayev tushuntirib berdi. Mirzayev jarayonda hech qanaqa katta o‘zgarish bo‘lmasligi, bolalarning o‘qishiga ularning tayyorlanishiga yoki ro‘yxatdan o‘tishiga ta’sir yo‘qligini bildirdi.
Mas’ulga ko‘ra, jarayon 2 bosqichda bo‘ladi. Birinchisida abituriyentlar xuddi oldingidek onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Unda fanlar majmuasi, til va hududlar tanlanadi.
“Ikkinchi bosqichda umumiy barcha hududlarda test jarayonlari tamomlanganidan keyin abituriyentlarga ustuvorlik bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim shaklini tanlash imkoniyati beriladi. Unda 1-2 kun emas, 10-15 kun vaqt berilishi mumkin”, – deb tushuntirdi Farhod Mirzayev.
Shuningdek, agentlik vakili abituriyentda oldindan o‘tish ballarini ko‘rish imkoniyati bo‘lishini aytib, abituriyent grant ololmayman degan qo‘rquvda bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.
“Bilim va malakalarni aniqlash agentligi hozirdan 3 yillik barcha fanlardan o‘tish ballarini e’lon qilib qo‘ygan. Demak, abituriyentlarga shu o‘tish ballarini ko‘rib, [o‘tish yo o‘tolmasligini biladi]. Shu ballarni ko‘rib u bolaga boshqa yo‘nalishlarni tanlash imkoniyati beriladi. Nizomga kelsak, bu bo‘yicha ishlar ketyapti”, – dedi Mirzayev.