Rossiya zarbasidan keyin Ukrainada energiya ta’minoti cheklandi

Jahon 08:37 / 09.05.2024 3048

Ukrainada 8 may, chorshanba kuni Rossiya raketalari va uchuvchisiz uchoqlarining bir kecha-kunduzda uyushtirgan yirik hujumidan so‘ng sanoat va biznesni energiya bilan ta’minlash cheklandi. Bu haqda Ukraina energetika tizimlari milliy operatori «Ukrenergo» o‘zining Telegram-kanalida iste’molchilarni ogohlantirdi

«Ukrenergo» dispetcherlik markazi sanoat va biznesni soat 18:00 dan 23:00 gacha elektr energiyasi bilan ta’minlashni cheklashga majbur bo‘ldi», - deyiladi postda. Kompaniya, shuningdek, agar kechqurun iste’mol o‘sishda davom etsa, u keskin chora ko‘rishi kerakligi haqida ogohlantirdi - butun Ukraina bo‘ylab maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi favqulodda uziladi. Buning oldini olish uchun energetiklar fuqarolarni belgilangan soatlarda elektr energiyasidan ehtiyotkorlik bilan foydalanishga chaqirdi. 

Shu kuni «Ukrenergo» rahbari Vladimir Kudritskiy «Ukrainska pravda» gazetasining YouTube-kanalida Yevropadan elektr energiyasini import qilish mamlakat energetika tizimida yuzaga kelgan tanqislikni to‘liq qoplashga qodir emasligini aytdi. «Ko‘plab muhim elektr stansiyalari zarar ko‘rdi - DTEKning uchta elektr stansiyasi (Ukrainadagi eng yirik xususiy energiya kompaniyasi) va ikkita gidroelektr stansiyasi, - deya tushuntirdi u. - «Ukrenergo» obektlari, afsuski, doimiy ravishda dushman nishonida. Ammo kompaniya obektlariga ta’sir hozirda energiya tizimi uchun hal qiluvchi omil emas. Issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektrostansiyalardagi ko‘p sonli energiya bloklariga zarar yetkazilgani asosiy masaladir». 

Kudritskiy Ukrainadagi energetika obektlarida ta’mirlash ishlari davom etayotganini qo‘shimcha qildi. 

8 may kuni Rossiyaning Ukrainaga hujumi

8 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga yirik raketa hujumi uyushtirdi. Mamlakat energetika vaziri German Galushchenko Poltava, Kirovoxrad, Zaporijjya, Lviv, Ivano-Frankivsk va Vinnitsa viloyatlaridagi elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish obektlariga zarbalar haqida ma’lum qildi. Bundan tashqari, tungi hujum natijasida Kirovograd va Kiyev viloyatlarida uch kishi jabrlangan. 

Ertalab Xarkivga ham zarba berildi – natijada besh kishi, jumladan, sport maydonchasida futbol o‘ynayotgan uch nafar o‘smir jarohat oldi, dedi Xarkiv viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. 8 mayda bir kun ichida Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 60 ga yaqin raketa va 20 ta Shahed dronlarini uchirdi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida. 

Rossiyaning o‘qqa tutishi Ukrainadagi elektr stansiyalarining 80 foiziga zarar yetkazdi 

Mart oyida, Galushchenko so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning o‘qqa tutishi Ukrainadagi issiqlik elektr stansiyalarining 80 foizigacha va gidroelektr stansiyalarining yarmidan ko‘piga zarar yetkazgan. Ayrim aholi punktlarida, jumladan milliondan ortiq kishi yashovchi Xarkiv shahrida elektr energiyasi uzilib qoldi. 

Rossiya qo‘shinlari Ukrainani o‘qqa tutishda yangi taktikaga o‘tdi – endi ular har bir zarbada ko‘proq zarar yetkazish uchun «portlovchi dronlar va Eron tipidagi raketalardan» foydalanmoqda, dedi Galushchenko DW nashriga. 

Ko‘proq yangiliklar: