O‘zbekiston Koreyaning norma ijodkorligi jarayoniga sun’iy intellektni joriy etish tajribasini o‘rganyapti

O‘zbekiston 07:39 / 09.05.2024 1318

Adliya vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi chog‘ida 2024 yilning 8 may kuni Koreya Respublikasining Sejong shahrida adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev va Koreya qonunchilik tadqiqot instituti rahbari Yong Su Xan o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Koreya qonunchilik tadqiqot instituti vakillari tomonidan qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholash jarayoni hamda erishilgan yutuqlar bo‘yicha taqdimot qilindi. Institut Koreya Respublikasining bosh vaziri huzuridagi 26 ta ilmiy tadqiqot institutlaridan biri bo‘lib, asosiy vazifasi huquqiy siyosat va qonunchilik hujjatlarining ta’sirini baholash, tadqiqotlar o‘tkazish hisoblanadi.

Shuningdek, uchrashuv davomida norma ijodkorligi jarayonlariga sun’iy intellektni joriy qilish hamda kelgusida vujudga keladigan munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha institutning ilg‘or tajribasi o‘rganildi.

Bundan tashqari, institut tomonidan qonunchilik hujjatlarini tartibga solish ta’sirini baholashda moliyaviy, budjet, ijtimoiy, iqtisodiy, atrof-muhit, ekologiya va xavfsizlikka ta’siri jihatidan tahlil qilish, shuningdek, mazkur jarayonlarda manfaatdor tomonlar fikr-mulohazalarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy metodologiya va amaliy misollar bilan ma’lumot berildi.

Tomonlar amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish ham imzolashga kelishib oldi.

Ko‘proq yangiliklar: