Moskvada 2024 yilgi G‘alaba paradi bir yil oldingidan ham kamtarroq o‘tdi. Ishtirok etgan harbiy texnikalar soni bo‘yicha zamonaviy Rossiya tarixidagi antirekord qayd etildi.
Marosim ishtirokchilari uchun ob-havo ham noqulaylik tug‘dirdi — Moskvada so‘nggi yillarda ilk marta 9 may kuni qor yog‘di. So‘nggi bor bunaqa sovuq may 1999 yilda kuzatilgandi. Qor faqat parad oxiriga kelib tindi.
Paradda to‘qqiz mingdan ortiq kishi qatnashdi. Bu bir yil oldingidan ko‘proq, ammo 2022 yildagidan kamroq, o‘shanda paradda 11 ming kishi ishtirok etgandi.
Bu paradda ilk bor Ukrainadagi urushdan kelgan harbiy xizmatchilar ishtirok etishdi.
Payshanba kuni Qizil maydondan 61 ta zirhli texnika olib o‘tildi. Bu ham bir yil oldingidan ancha kam, o‘shanda paradga 125 ta turli mashinalar jalb etilgandi.
Bundan tashqari, osmonda 15 ta jangovar samolyotlar uchib o‘tdi - bu ham so‘nggi paradlardagi eng kam sonli aviatsiya guruhi bo‘ldi. To‘g‘ri, ba’zida aviatsiya parvozi ob-havo tufayli bekor qilingan, ammo bu safar parad boshidayoq kuchli qor yog‘ganiga qaramay, bunday qilinmadi.
«Global to‘qnashuvga yo‘l qo‘ymaslik»
Parad boshlanishi arafasida an’anaga ko‘ra Rossiya prezidenti Vladimir Putin chiqish qildi. Oldingi ikki yilda bo‘lgani kabi u nafaqat Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba haqida, balki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hamda G‘arb bilan qarama-qarshilik to‘g‘risida ham gapirdi. Ammo bu safar g‘arbga qarshi ritorika kamroq edi.
Putin g‘arbga «haddan tashqari ambitsiyalar», «natsizmning hozirgi izdoshlarini oqlashga intilish» va «urush haqidagi haqiqatlarni buzib ko‘rsatishga urinish» bo‘yicha e’tirozlarini bildirgan.
Keyin u «Rossiya global to‘qnashuvning oldini olish uchun barcha ishni qilishi»ni aytgan.
«Ammo shu bilan birga bizga tahdid qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Bizning strategik kuchlarimiz doimo jangovar shay holatda», — deya qo‘shimcha qilgan Putin.
Rossiya prezidenti «vermaxtning harbiy qudrati» uchun deyarli butun Yevropa ishlaganini aytgan, ammo darhol ikkinchi frontning xizmatlarini ham tan olgan.
«G‘arbdagilar Ikkinchi jahon urushi saboqlarini unutishni istashadi. Ammo biz insoniyat tarixi Murmanskdan Kavkaz va Qrimgacha hududlarda kechgan ulkan janglarda hal bo‘lganini yodda tutamiz. Ulug‘ Vatan urushining dastlabki uch yilida SSSR amalda natsistlar bilan yolg‘iz jang qilgan. Shu bilan birga Rossiya hech qachon ikkinchi frontning va ittifoqchilar yordami ahamiyatini pasaytirmagan. Biz koalitsiya jangchilari jasorati, qarshilik harakati ishtirokchilari, Xitoy xalqi mardligini yod etamiz. Biz hech qachon ittifoqchilikning ilhomlantiruvchi an’analarini unutmaymiz», degan u.
«Rossiya hozirda murakkab, muhim pallalarni boshdan kechirmoqda», — deya davom etgan Putin. O‘tgan yili bu fikr ancha dramatik yangragandi: «Bugun sivilizatsiya yana hal qiluvchi, burilish pallasida turibdi, bizning vatanimizga qarshi yana haqiqiy urush ochildi».
Putin yana bir bor «maxsus harbiy amaliyot» (u urushni shunday deb nomlaydi) ishtirokchilarini qahramonlar deb atagan. U butun Rossiya ular uchun ta’zimda ekani, Ikkinchi jahon urushi faxriylari esa ular uchun qayg‘urishini ta’kidlagan.
Bir daqiqa sukut saqlash oldidan Putin «neonatsistlarning varvarlarcha terakti» haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi, keyin esa mamlakat «Rossiyaning xavfsiz kelajagi»ga erishish uchun «asriy an’analar»ga tayangan holda oldinga yurishini e’lon qildi.
«Mardona qurolli kuchlarimizga sharaflar bo‘lsin! Rossiya uchun! G‘alaba uchun. Ura!» — deya yakunladi u o‘z chiqishini. Shundan keyin Qizil maydon bo‘ylab parad raschyotlari o‘ta boshladi.
2022 yil 24 fevralida Ukrainaga qarshi Putin tomonidan boshlangan urushda yuz minglab kishilar halok bo‘ldi.
Qo‘qqisdan uchib kelgan aviatsiya
Oldingi yillarda rasman yomon ob-havo sharoiti tufayli bekor qilingan aviatsiya qismi bu yil qisqartirilgan shaklda bo‘lsa ham o‘tkazildi.
Parad boshlanganida qor yog‘ayotgandi, ammo uning oxiriga kelib tindi va Qizil maydon uzra «Striji» va «Vityazi» guruhlarining to‘qqizta qiruvchi samolyoti, shuningdek Su-25 rusumli oltita shturmovik osmonda Rossiya bayrog‘i ranglarini hosil qilgan holda uchib o‘tdi.
Bu ancha kutilmagan hol bo‘ldi - avvalgi yillarda aviatsiya qismi ob-havo ancha yaxshi bo‘lganiga qaramay bekor qilingandi. Chunki samolyotlar Qizil maydon ustidan uchib o‘tishidan oldin ancha oldinroq to‘planishi va saflanishi talab etiladi.
Aviatsiya uchishi paradda katta samolyotlar ishtirok etmagani tufayli bekor qilinmagan bo‘lishi ham mumkin - havo qismi ham ancha kamtar o‘tdi - qiruvchilar esa ancha murakkab sharoitda uchish tajribasiga ega bo‘lgan uchuvchilar tomonidan boshqariladi.
SSSR parchalanganidan keyingi davrda eng kam sonli harbiy texnikalardan foydalanilgan parad 2008 yilda kuzatilgandi. O‘shanda quruqlikda 111 ta texnika olib o‘tilgann, havoda 32 samolyot va vertolyotlar parvoz qilgandi.
«Armata»larsiz
Bir yil oldin bo‘lgani kabi, paraddagi yagona tank Ikkinchi jahon urushi davriga mansub T-34 tanki bo‘ldi. U texnikalar kolonnasiga yo‘lboshchilik qildi.
Uning ortidan BTR-82A, «Tigr» zirhli transportyorlari, «VPK-Ural» zirhli mashinalari, «Linza» sanitar zirhli mashinalari, «Tayfun-K» zirhli avtomobillari, «Iskander» operativ-taktik raketa komplekslari, S-400 zenit komplekslari, «Yars» qit’alararo ballistik raketalari olib o‘tilgan. Eng oxirgi bo‘lib «Bumerang» rusumli uchta og‘ir piyodalar jangovar mashinalari o‘tgan.
2015 yildan buyon Qizil maydondagi 9 may paradlarida an’anaviy ravishda istiqbolli jangovar texnikalar — T-14 va «Armata» oilasiga mansub T-15 piyodalar jangovar mashinasi, «Kurganets» piyodalar jangovar mashinasi, «Koalitsiya» o‘ziyurar artilleriya qurilmasi, «Bumerang» g‘ildirakli BMP olib o‘tilgan.
Qizil maydonda qatorasiga ikkinchi yilda bu texnikalardan faqat «Bumerang» namoyish etilmoqda.
Ukrainadagi urushga qadar «Bumerang»lar propaganda tomonidan Rossiya armiyasining uyg‘onishi ramzi sifatida taqdim etilardi, lekin ularning hech biri seriyali ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmadi.
Paradlarda qo‘shinlar ixtiyoriga berilgan va Ukrainadagi urushda ham ishtirok eta boshlangan yangi texnikalar ham namoyish etilmoqda, ammo odatda bular faqat «Tayfun» va «Tigr» kabi yengil zirhli mashinalar bo‘lmoqda.
Rossiya rahbariyati paradlarda yangi ishlanmalar ko‘rsatilmayotganiga izoh bermagan. Bunga qisman noqulay savollardan qochish istagi sabab bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda va harbiy bloglarda urush boshlanganidan buyon ko‘p bor frontda Rossiya harbiy sanoat kompleksining yangi ishlanmalari yo‘qligiga e’tibor qaratilgan.
To‘g‘ri, Rossiya matbuotida Ukrainada T-14 tanklari qo‘llangani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, ammo bu to‘g‘ri bo‘lsa ham, gap faqat sinovlar haqida bo‘lishi mumkin, ular qo‘shinlarga ommaviy yetkazib berilmagan.
Paradda eski tanklar, xususan T-72, T-80 va T-90 tanklarining modernizatsiya qilingan versiyalari ko‘rinish bermayotgani turlicha izohlanadi, ko‘plab sharhlovchilar buni Rossiyaga frontda zirhli texnikalar yetishmayotgani bilan bog‘lashadi.
Buni isbotlash qiyin, chunki Rossiya zirhli texnikalari soni va bu boradagi yo‘qotishlari, shuningdek ularning ishlab chiqarilishi va ta’mirlanib safga qaytarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaydi. Ammo ancha eskirgan mashinalar, jumladan T-62 va BMP-1 kabilar frontda harakat qilayotgani ham bevosita yangi tanklar va boshqa texnikalar yetishmovchiligini ko‘rsatadi.