Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayevning navbatdagi uchrashuvi Seulda Koreya Mehnat va bandlik vaziri bilan bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda dastlab, ikki davlat o‘rtasida mehnat sohasidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi.
2024 yildan boshlab Koreyada o‘zbekistonliklar vaqtincha ishlashi uchun xizmat ko‘rsatish, kemasozlik, qurilish, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon, o‘rmon xo‘jaligi kabi yangi yo‘nalishlar ochildi. Koreys tilidan imtihon topshirish jarayonlarini yengillashtirish, hududlarda imtihon olish markazlari sonini ko‘paytirish taklif qilindi.
Bundan tashqari muloqotda E9 vizasi (noprofessional ishchi viza turi) asosida o‘tadigan EPS testlarida “Qirol Sejong” o‘quv markazi sertifikatiga ega nomzodlarga qo‘shimcha imtiyozlar berish, qurilish sohasiga ishchilarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligi sohasi uchun mavsumiy vizani joriy qilish bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli takliflar o‘rtaga tashlandi.
Shuningdek, mehnat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish, kasb-hunarga o‘qitish markazlariga investitsiyalar kiritish, hamkorlikda yangi loyihalarni hayotga tatbiq qilish bo‘yicha ham muhokamalar bo‘lib o‘tdi.